Elektron raqamli imzoni endilikda Davlat xizmatlari agentligi idorasiga tashrif buyurmasdan onlayn tarzda olish mumkin. «Gazeta.uz» elektron imzoni onlayn olish bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etadi.

Ariza to‘ldirish

E-imzo saytining quyidagi bo‘limida «Ariza shaklini to‘ldiring» tugmasini bosganda, dastlabki ma’lumotlarni kiritish oynasi paydo bo‘ladi.

Bu yerda foydalanuvchi o‘zining STIR raqami, telefon raqami va rasmda keltirilgan himoya kodini kiritishi kerak. Telefon raqam foydalanuvchi nomiga (pasportiga) rasmiylashtirilgan bo‘lishi shart.

STIR raqamni aniqlash

STIR raqamni foydalanuvchi Elektron soliq xizmatlari saytining ushbu bo‘limida aniqlashi mumkin.

Kiritilishi kerak bo‘lgan ma’lumot: hujjat turi, seriyasi, raqami, tug‘ilgan sana va rasmdagi himoya kodi (matn). Ma’lumotlar to‘ldirilib bo‘lgach, «Izlash» tugmasi bosiladi.

Ro‘yxatdan o‘tish jarayoniga qaytib, STIR va telefon raqam kiritilgach, keyingi sahifaga «Keyingi qadam» tugmasi orqali o‘tiladi. Ikkinchi sahifada ma’lumotlarni kiritishdan oldin E-IMZO moduli o‘rnatilishi so‘raladi.

E-IMZO modulini o‘rnatish

Elektron raqamli imzo (ERI) ishlashi uchun kompyuterda ERI moduli o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.

«E-IMZO dasturini yuklab olish» tugmasi bosilganda, yangi sahifa ochiladi va u yerda foydalanuvchi o‘ziga kerakli modulni tanlaydi: brauzer yoki ilova.

E-IMZO modulini yuklab olish namunasi.

Modul o‘rnatib bo‘lingandan so‘ng quyidagi oyna paydo bo‘ladi va bu yerda foydalanuvchi «Da» tugmasini bosishi kerak.

Pasport surati

Modul o‘rnatilib ishga tushgandan so‘ng, foydalanuvchi pasport rasmini (ma’lumot va foto joylashgan sahifa) hamda pasportini qo‘lida ushlab tushgan rasmini yuborishi kerak. Pasport bilan selfi-suratda ma’lumotlar aniq o‘qiladigan va tiniq bo‘lishi kerak.

Shuningdek, pasport bilan selfi-surat oyna effekti uslubida gorizontal shaklda burilib qolgan bo‘lishi mumkin: matn o‘ngdan chapga o‘qib bo‘lmaydigan bo‘lib qoladi. Bu muammo ayrim smartfon va kameralarda uchrab turadi va bunaqa surat qabul qilinmaydi.

Pasport rasmi Pdf, Png, Jpg, Jpeg, formatida bo‘lishi va maksimal hajmi 5 megabaytdan oshmasligi kerak. «Vыberite fayl» tugmasi bosilib, kerakli rasm tanlanadi.

Pasport bilan selfi surat ham avvalgi qoidalarga amal qiladi va yuklash usulida ham farq yo‘q.

So‘ngra Pfx kalit fayli yaratilib saqlanadigan disk «Diskni tanlang» menyusida belgilanadi va kalit nomi avtomatik tarzda o‘rnatiladi.

Yakuniy bosqichda parol o‘rnatiladi va takroran «Parolni takrorlash» maydonida terilib, «*.pfx faylni yaratish va davom etish» tugmasi bosiladi.

Ma’lumotlarni tasdiqlash

Foydalanuvchi arizadagi ma’lumotlar to‘g‘riligini tekshirib, «So‘rov yuborish» tugmasini bosadi. Keyin E-IMZO moduli oynasi paydo bo‘lib, parol kiritishni so‘raydi. Maxfiy parol kiritilgach, «OK» tugmasi bosiladi.

Agar parol to‘g‘ri kiritilsa, ariza qabul qilinadi va foydalanuvchi kuyidagi mazmunda xabar oladi:

Shu bilan birga, ro‘yxatdan o‘tish paytida kiritilgan telefon raqamga qo‘yidagi mazmunda SMS-xabar keladi:

To‘lov

Murojaat yuborilgandan so‘ng Davlat xizmatlari markazi xodimi 8 ish soati ichida uni ko‘rib chiqadi. Ariza yuborilgandan so‘ng sakkiz soat ichida to‘lov qilinishi kerak, aks holda u bekor qilinadi.

To‘lov Click, Payme yoki Paynet orqali amalga oshirilishi mumkin. Jismoniy shaxslar uchun to‘lov eng kam ish haqqining 7% — 15 610 so‘mni tashkil qiladi, yuridik shaxslar uchun — 22 300 so‘m (eng kam ish haqqining 10%).

Arizani qidirish, holatini tekshirish va tasdiqlash

Ariza yuborilib, to‘lov qilingandan so‘ng uning holatini e-imzo.uz sayti orqali «Ariza topish/tasdiqlash» bo‘limida tekshirish mumkin.

Ariza raqamini kiriting va rasmdagi kodni tasdiqlab, «Qidirish» tugmasini bosing.

Agar ariza ko‘rib chiqilib, qabul qilingan bo‘lsa sertifikat paydo bo‘ladi. Foydalanuvchi ma’lumotlar to‘g‘riligini tekshirib, «Tasdiqlash» tugmasini bosishi kerak.

Agarda ariza topilmasa, uning raqami to‘g‘ri kiritilganini tekshiring. Shuningdek, ariza to‘ldirish jarayonida xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, ariza ko‘rib chiqilmaydi va ro‘yxatdan o‘tish vaqtida ko‘rsatilgan telefon raqamga ariza qabul qilinmaganligi haqida SMS-xabar keladi.

ERI tayyor va sertifikatni yuklab olish mumkin. Uning amal qilish muddati — ikki yil.