Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov UzReport telekanaliga bergan intervyusida so‘z erkinligi, olib chiqilayotgan muammolar va matbuotga chiqib ketgan audiolar uchun mansabdorlar jazolanmayotganligining sabablari haqida gapirdi. Allamjonov ushbu masalalar bo‘yicha o‘zining shaxsiy fikrini bildirganligini ta’kidlagan.

«So‘z erkinligi odamlarni shakllanishiga yordam beradi, dunyoqarashini o‘zgartiradi, hech bo‘lmaganda, o‘zini ichidagi hovurini chiqarib olishi uchun ham juda muhim deyishadi. Biz hozir shunaqa sharoitdamizki, imkoniyatlarimiz, to‘plangan muammolarni yechishga qaraganda ancha kam. Shunday kam imkoniyatimiz bo‘lib turib hammaga „erkin gapiravering, muammolarni ko‘taravering“ deyapmiz. Matbuot esa baralla ishlayapti», — deydi Komil Allamjonov.

U to‘planib qolgan muammolar ko‘pligi haqida to‘xtalib: «Biz juda hoxlasak ham bu muammolarni yecha olmaymiz. Qanaqa yo‘l tutish to‘g‘ri bo‘lgan bo‘lardi deb o‘ylar edingiz shu paytda? Matbuotda agar etika bo‘lmasa, o‘zini madaniyati, tartibi, qadriyatlari bo‘lmasa va tinmay yozaversa, muammolarni ko‘taraversa… Ha ko‘tarish kerak, hech kim bunga shubha qilayotgani yo‘q. Lekin davlatning imkoniyati kam. To‘plangan muammolar esa ko‘p», — deya ta’kidladi.

«Juda bir muhim, nozik davrga kirib kelayapmizki, biz ushbu qadriyatlarni to‘g‘ri belgilab olmas ekanmiz, madaniyatimizni va o‘zimizni etikamizni shakllantirmas ekanmiz, har bir jurnalist va blogger vaziyatga to‘g‘ri baho bermay faoliyat yuritsa, bu 34 mln aholidan 34 mln fikr chiqadi, har birida tonnalab muammo bo‘lishi mumkin. Biz tan olib aytdikki, ta’lim sohasi yillar davomida saviyasi ancha pasayib ketdi. Madaniyat sohasi, soliq… Qaysi soha yo‘qki, qiyin ahvolda qolmagan bo‘lsa. Bu ochiq gapirish imkoniyatini bersa, bu hovurini chiqarish bo‘larmikan yoki bo‘lmasam butun bir qayiqni chayqatib yuborish bo‘larmikan?», — deydi Allamjonov.

«Davlatning imkoniyatlarini qanaqaligini to‘liq tushunib yetmagan, misol uchun, omma, talab qilaversa, so‘rayversa, buni vaqtida bajarib bera olishni iloji bo‘larmikan? Imkoniyati chegaralangan bo‘lgandan keyin… Qilishi mumkindur, yillar o‘tib masalan. U muammolarga yetib borguncha vaqt ketadi. Shoshqaloqlik bilan, „bo‘lmayapti, bo‘lmayapti“ deb, xukumat, davlat obro‘sizlanib, ishonch yo‘qolib qolmaydimi?»