Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, “Sijjak” mavzesi, Sarbog‘ mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Sijjak” dam olish oromgohini sotadi, deya xabar berdi agentlikning matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, ushbu oromgoh shaffoflik prinsipi asosida ommaviy savdolar orqali sotuvga qo‘yiladi.

“Sijjak” dam olish oromgohining bino va inshootlari bilan birgalikda umumiy maydoni 5,38 gektarni tashkil etib, majmua agentlikning balansida hisoblanadi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Gazeta.uz” ga ma’lum qilishicha, ayni paytda dam olish oromgohining xususiylashtirish bo‘yicha tashkiliy ishlar olib borilmoqda.

Avvalroq xabar berilganidek, dam olish maskanida “sport inshooti”, mehmonxona, uchta suzish havzasi, amfiteatr, kottej va boshqa binolar mavjud. Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan oromgohning mol-mulki Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 10 fevraldagi hukmi bilan hibsga olingan.

Ma’lumot uchun, mazkur dam olish oromgohi ikki marta sport tashkilotlariga topshirilishi rejalashtirilgan edi. Shunday qilib, “sud tomonidan davlat daromadiga o‘tkazilgan” “Sijjak” dam olish maskani negizida O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 16 martdagi qaroriga binoan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida futbol bo‘yicha milliy terma jamoalar uchun o‘quv-mashg‘ulot bazasini tashkil etish topshirilgandi.

Biroq, 2019 yil dekabr oyida prezidentning “O‘zbekistonda futbolni rivojlanishni mutlaqo yangi bosqichiga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni bilan yuqoridagi hujjatning ushbu bandi o‘z kuchini yo‘qotdi va “Sijjak” dam olish maskani o‘rniga futbol bo‘yicha milliy terma jamoalar uchun o‘quv-mashg‘ulot bazasini Toshkent viloyati, Yuqorichirchiq tumani, Yangibozor qishlog‘ida tashkil etish topshirildi.

2019 yil iyul oyida “Sijjak” dam olish maskani prezidentning kuyovi Otabek Umarov boshchiligidagi O‘zbekiston Triatlon federatsiyasiga bepul foydalanish uchun berishni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qilingandi.

Dam olish maskani negizida triatlon bo‘yicha milliy jamoalar uchun federatsiyaning o‘quv bazasini tashkil etilishi bildirilgan edi. Ushbu maqsadlar uchun 15 milliard so‘m mablag‘ yuborilishi rejalashtirilgan edi.

Vazirlar Mahkamasi bu haqdagi tegishli hujjatni tasdiqlagani noma’lum. Buni qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida topishning iloji bo‘lmadi.