Denov tumanida bir kishi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani haqida xabar berildi. Biroq, bir ozdan so‘ng ushbu axborot o‘chirilib tashlangan. Bu haqda Kun.uz nashri xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, 21 iyun kuni Surxondaryo viloyati Denov tumani hokimi Baxtiyor Ibatov tuman aholisiga murojaat bilan chiqib, tumanda bir kishi 20 iyun kuni koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq holatda vafot etganini ma’lum qiladi. Ushbu murojaatning videolavhasi Denov tumani hokimligining Telegram kanalida e’lon qilingan. Ammo, bir ozdan so‘ng ushbu axborot kanaldan o‘chirilib tashlangan.

Ta’kidlanishicha, COVID-19 bilan bog‘liq holatda vafot etgan marhum bilan muloqotda bo‘lgan 187 nafar fuqaro karantinga olingan va ulardan 6 nafarida koronavirus kasalligi tasdiqlangan, yana bir nechta fuqaroda kasallik gumon qilinmoqda.

Mazkur holat tufayli Denov hokimi aholini koronavirus infeksiyasidan saqlanish uchun o‘rnatilgan sanitariya-epidemiologik talablarga qat’iyan rioya qilishga chaqirgan.

“Kun.uz muxbiri masala yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirining matbuot kotibi, jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev bilan bog‘langanida, u bu faktni tasdiqlamadi”, — deyiladi xabarda.