Buxoro viloyatidagi “Jayron” ekologik markazida turizm uchun sharoitlar yaxshilanadi, deya xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati. Qo‘mita raisi Aziz Abduhakimov bu boradagi tayyorgarlikni ko‘zdan kechirish uchun “Jayron” qo‘riqxonasiga tashrif buyurdi.

Qo‘riqxonani turizmning yangi yo‘nalishi sifatida rivojlantirish maqsadida bu yerda tashrif markazi hamda qo‘riqxona va uning tarixi haqida ma’lumot beradigan maxsus muzey yaratilishi rejalashtirilmoqda.


Qo‘riqxonada shuningdek bog‘liq maxsus suvenirlar liniyasi, brend do‘konlari hamda tematik kafelar tashkil etiladi. Markaz xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun kerakli texnikalar bilan ta’minlanadi, shu jumladan, avtomobil, kvadrotsikl, live-kameralar, fotoqopqonlar ijarasi yo‘lga qo‘yiladi.

Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, qo‘riqxona hududida bir necha kuzatuv minorasi va ular bo‘yicha maxsus marshrutni yaratish rejalashtirilgan. Bu qo‘riqxonadagi jonivorlarni kuzatish, butun kun davomida ularning hayoti haqida ma’lumot olish imkonini beradi.

Bundan tashqari, qo‘riqxonaning maxsus sayti ham yaratilib, unda virtual va 3D-turlar yo‘lga qo‘yiladi. Sayt foydalanuvchilari uchun ekomarkaz hududida dunyoga kelgan jonivorlarga ovoz berish orqali nom berish tizimini yo‘lga qo‘yish ham reja qilingan.

Hozirda maktab o‘quvchilari, kolledj va OTM talabalari uchun “Jayron” qo‘riqxonasiga ekskurisiyalar uyushtirish dasturi ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, mahalla fuqarolari va birlashmalar uchun arzon narxdagi turlar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Turizmni rivojlantirish ko‘mitasining ta’kidlashicha, ushbu turistik infrastruktura yaratilishi natijasida “Jayron” qo‘riqxonasi yiliga 20 mingga yaqin sayyohni qabul qilish salohiyatiga ega bo‘ladi.

“Jayron” qo‘riqxonasi 1977 yilda tashkil topgan bo‘lib, Qizilqum cho‘lining janubi-g‘arbida, Buxoro shahridan 42 km masofada joylashgan. Maydoni — 16, 5 ming gektar. Uning faoliyati jayronlarning yo‘qolib borayotgan noyob turlarini ko‘paytirishga yo‘naltirilgan. Bundan tashqari, qo‘riqxona hududida jonivorlar va o‘simliklarning boshqa turlari ham mavjud, ular orasida O‘zbekistonning Qizil kitobi va Xalqaro Qizil kitobga kiritilganlari ham bor.