2020 yilning may oyida ichki valyuta bozoridagi operatsiyalarning umumiy xajmi 1,2 mlrd AQSH dollarини tashkil etdi. Bu esa aprel oyiga nisbatan 1,1 barobarga pastroq, deya ma’lumot berdi Markaziy bank. Ichki valyuta bozoridagi ushbu holat xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar valyutaga bo‘lgan talabning mo‘'tadilligi va jismoniy shaxslarning valyuta operatsiyalari bo‘yicha talab va taklifning nisbatan barqarorlashishi bilan izohlanadi.

Ichki valyuta bozori segmentlari kesimida chet el valyutasiga bo‘lgan talabning o‘zgarish dinamikasi (mln AQSH dollarida)

Yuridik shaxslar bilan amalga oshirilgan operatsiyalar

2020 yilning may oyi davomida yuridik shaxslar tomonidan chet el valyutasiga bo‘lgan talab joriy yilning o‘tgan oylari darajasida saqlanib qoldi va 1 025 mln dollarni tashkil etdi.

Jumladan, hisobot oyida birjadan tashqari valyuta bozorida xo‘jalik sub’ektlari tomonidan 258 mln dollar miqdorida chet el valyutasi sotib olingan bo‘lsa, valyuta birjasidagi operatsiyalar hajmi 767 mln dollarni tashkil etdi.

Yanvar-may oylarida birjadan tashqari valyuta bozoridagi operatsiyalar hajmi dinamikasi (banklarning yuridik shaxslar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri operatsiyalari)

Valyuta bozorida chet el valyutasini sotib olish maqsadlari tarkibida asosiy ulush (63%) ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar, tovarlar va xomashyo importi, 21% — xalq iste’moli tovarlari va dori-darmon mahsulotlari importi, 13% — xorijiy kreditlarni so‘ndirish va qolgan 3% — boshqa maqsadlar uchun xarid qilingan.

2020 yilning may oyida ichki valyuta bozorida chet el valyutasini xarid qilgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar soni 5 823 tani tashkil etib, aprel oyiga (4 971 ta) nisbatan 852 taga ko‘paydi.

Jismoniy shaxslar bilan amalga oshirilgan operatsiyalar

Joriy yilning may oyida jismoniy shaxslar tomonidan valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali sotilgan chet el valyutasi miqdori 354 mln dollarni tashkil etib, aprel oyiga nisbatan 2,1 barobarga oshdi (2020 yilning aprel oyida — 172 mln dollar). Mazkur davrda jismoniy shaxslar tomonidan 217 mln dollar sotib olinib, ushbu ko‘rsatkich aprel oyiga ($321 mln) nisbatan 32 foizga pasaydi.

Hisobot oyi davomida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali respublikaga kelib tushgan valyuta mablag‘lari hajmi 485 mln dollarni tashkil etib, aprel oyi ko‘rsatkichiga nisbatan 1,9 barobarga yoki 235 mln dollarga oshdi.

Yanvar-may oylarida jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilgan operatsiyalar hajmi

Chet el valyutasi taklifi

May oyida ichki valyuta bozorida xorijiy valyutadagi umumiy taklif hajmi 892 mln dollarni (Markaziy bankning intervensiyalarini hisobga olmagan holda) tashkil etib, aprel oyiga nisbatan 1,1 barobar oshdi.

Ichki valyuta bozoridagi taklif manbalari

Ushbu davrda Markaziy bankning valyuta intervensiyalari oltin-valyuta zahiralarining neytralligi prinsipiga asoslangan holda amalga oshirildi. Bunda Markaziy bank tomonidan sotilgan chet el valyutasining sof hajmi yanvar-may oylarida sotib olingan monetar oltin hajmi doirasida bo‘lishi ta’minlandi.

Yanvar-may oylarida valyuta birjasida amalga oshirilgan operatsiyalar hajmi (mln dollar)

Yanvar-may oyida importni moliyalashtirish manbalari tarkibida ichki valyuta bozorida sotib olingan mablag‘lar (konvertatsiya) ulushi 56 foizni, xorijiy valyutadagi o‘z mablag‘lari ulushi 20 foizni tashkil etdi.

2019−2020 yillarning yanvar-may oylari davomida importni moliyalashtirish manbalari

Almashuv kursi dinamikasi

Hisobot davrida milliy valyutaning almashuv kursi dinamikasi valyuta bozoridagi talab va taklifning joriy nisbatidan kelib chiqib, ichki va tashqi omillar ta’sirida shakllandi. Xususan, joriy yil may oyi davomida milliy valyuta kursi 0,15 foizga qadrsizlandi (10 133 so‘m/dollardan 10 148 so‘m/dollargacha).

Yanvar-may oylari davomida valyuta birjasi savdolarida so‘mga nisbatan AQSH dollarining dinamikasi (so‘m/dollar)