Sony kompaniyasi Future of Gaming onlayn-taqdimotida ilk bor Playstation 5 o‘yinlar konsolini taqdim etdi. Yangi konsol to‘g‘ri burchak va qirralardan xolis bo‘ldi, ularning o‘rnini to‘lqinsimon va yumaloq burchaklar egalladi.

O‘yin konsoli — videoo‘yinlar uchun mo‘ljallangan maxsus elektron qurilma. Uning asosiy vazifasi o‘yinlarni ishga tushirish va namoyish etish.

Foto: Playstation.com

Kompaniya konsolning texnik xususiyatlarini mart oyida taqdim etgan edi: 825 gigabayt SSD-disk, ma’lumot almashish tezligi 5,5 gigabit/sekund. Bundan tashqari, qurilmada sakkiz yadroli protsessor, 10,28 teraflops quvvatli videokarta, GDDR6 tezkor operativ xotira va qo‘shimcha SSD-disk o‘rnatish bo‘limi ham mavjud.

Konsol ikki versiyada — disk o‘qish qurilmasi bilan va disk o‘qish qurilmasi mavjud bo‘lmagan ko‘rinishda ishlab chiqariladi.

Video: Playstation

Shuningdek, Sony kompaniyasi Playstation 5 o‘yin konsoli uchun qo‘shimcha aksessuarlar — Dualsense o‘yin qurilmasi (geympad), pult, quloqchin, kamera va geympadlar uchun dok-stansiyani taqdim etdi.

Geympadlar uchun DualSense dok-stansiyasi. Foto: TheVerge

Yangi Dualsense geympadlari DualShock 4 geympadiga qaraganda og‘irroq va USB Type-C kabeli orqali quvvatlanadi. Shuningdek, Dualsense uchun vibroto‘lqinlar tizimi yanada takomillashtirildi — yangi Haptic Feedback vibroto‘lqinlar texnologiyasi videoo‘yinda bo‘layotgan jarayonga qarab turli xil taktil hissiyotlarni his qilishda yordam beradi.

Kompaniya Playstation 5 konsolini sotuvga chiqarishni 2020 yilga mo‘ljallagan. Uning narxi va sotuvga chiqarilish sanasi esa hozircha noma’lum.

Sony kompaniyasi taqdimotda asosiy e’tiborni videoo‘yinlar namoyishiga qaratdi. Bir soat davomida kelgusida sotuvga chiqadigan o‘yinlarning treylerini taqdim etdi.

Spider-Man: Miles Morales

Spider-Man: Miles Morales o‘yinini Spider-Man ning birinchi qismini xronologik davomi deb hisoblasa bo‘ladi. Uning bosh qahramoni — Maylz Morales. The Telegraph bilan suhbatda Playstation kompaniyasining Yevropadagi biznesni rivojlantirish rahbari Saymon Ratter yangi qismni “kengaytirilgan va shu bilan birga oldingi o‘yinning takomillashtirilgani” dedi.

Spider-Man: Miles Morales 2020 yilning oxirida sotuvga chiqariladi.

Spider-Man: Miler Morales o‘yinining treyleri. Video: Playstation

Resident Evil Village

Playstation 5 taqdimot davmoida Resident Evil Vlll Village o‘yinining treylerini taqdim etdi. Treylerga asoslangan holda aytish mumkinki, o‘yin nafaqat Resident Evil Vll, balki Resident Evil 4 ning ham syujetini davom ettiradi.

Resident Evil Village o‘yinining treyleri. Video: Playstation

Hitman 3

Hitman 3 o‘yini 2021 yilning yanvar oyida sotuvga chiqishi ma’lum qilindi. Shuningdek, u Playstation 4 o‘yin konsoli bilan ham ishlaydi. O‘yinning oldingi qismlarini o‘ynaganlar yangi versiyaga birinchi va ikkinchi qismdagi lokatsiyalarni ham o‘rnatishi mumkin.

Hitman 3 treyleri. Video: Hitman YouTube-kanali