Toshkentda 26 yoshli erkakni o‘ldirganlikda gumon qilinayotgan 17 yoshli sartarosh qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga xabar qildi.

5 iyun kuni taxminan 00:00 da Yashnobod tumanida Ivan A. (1994 yilda tug‘ilgan, ishsiz, avval sudlanmagan) va A. B. (1989) uy oldida o‘tirar ekan, shu joydan o‘tib ketayotgan tanishlari Z. N. (1985) va I. Y.ni (2003, sartarosh, avval sudlanmagan) haqorat qiladi va natijada janjal kelib chiqadi. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, I. Y. sartaroshlik qaychisini chiqarib, Ivanning ko‘kragiga bir marta zarba berib, uni qasddan o‘ldiradi.

Yashnobod tuman prokuraturasi I. Y.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Ayblanuvchi qo‘lga olindi.

Avvalroq o‘zini marhumning do‘sti deb tanishtirgan erkak ijtimoiy tarmoqlarda hodisa tafsilotlari haqida ma’lum qilgan edi.