O‘zbekistonda 18 maydan boshlab poyezdlar qatnovi qisman tiklandi. Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga «Afrosiyob» tezyurar poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga poyezd qatnovlari qayta yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Toshkent shahridan Nukus, Urganch va Termiz shaharlariga aviaqatnovlar tiklandi.

Bundan tashqari, 1 iyundan «yashil» va «sariq» toifadagi hududlar o‘rtasida ichki turizm qayta yo‘lga qo‘yildi. Tabiiyki, fuqarolar mamlakat bo‘ylab safarga chiqishda samolyot va poyezdlardan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Shuning uchun, aeroport va vokzallarda sanitariya-gigena me’yorlari va talablari qat’iy joriy etilgan holda, u yerlarga kirayotgan yo‘lovchilarning tana harorati tekshiriladi.

Poyezd va samolyotlarda yo‘lovchilarning himoya niqoblari va qo‘lqoplarda bo‘lishi talab etiladi. Ular orasida ijtimoiy masofani saqlash belgilangan. Bundan tashqari, yo‘lovchilar xavfsizligini saqlash maqsadida samolyot va poyezdlarda yo‘lovchilar uchun o‘rinlar soni kamaytirilgan.

«Gazeta.uz» safarga chiqayotgan fuqarolar uchun qo‘shimcha ehtiyot choralarini tavsiya etadi.

Asosiy tavsiya: Hozircha uzoq safarlardan tiyilish eng ma’qul qaror

Agar sizda koronavirus infeksiyasining alomatlari bo‘lsa, siz yoki siz yaqindan muloqot qiladigan shaxslardan kimdir koronavirus infeksiyasi bilan zararlangan bo‘lsa, unda safarga chiqmaslik tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari koronavirus faol tarqalayotgan joylardan boshqa hududlarga yoki kasallik tarqalayotgan hududlarga safarlarni amalga oshirmaslikni maslahat beradi.

Barcha qoidalarga qat’iy rioya qiling

Agarda safarga chiqsangiz, barcha qoidalar va cheklovlarga so‘zsiz amal qiling. Birinchi navbatda, barcha aeroportlarda va vokzallarda, samolyot va poyezdlarda o‘rnatilgan qoidalar hamda cheklovlarga qat’iy rioya qiling. Aeroport yoki vokzalga reysdan ancha oldin kelib, ko‘p vaqt qolib ketmang.

Uydan chiqishdan oldin tana haroratingizni tekshiring. Belgilangan tartibga ko‘ra, tana harorati odatdagidan yuqori bo‘lgan yo‘lovchilar reysga qo‘yilmaydi.

Chiptalarni onlayn sotib oling

Iloji bo‘lsa, chiptalarni kassalarda emas, onlayn xarid qiling. Aeroport yoki vokzalda kontaksiz to‘lovlardan foydalaning.

Ijtimoiy masofalanish qoidalariga amal qiling

Barcha jamoat joylaridagi kabi aeroport va vokzallarda, samolyot va poyezdlarda ijtimoiy masofalanish qoidalariga amal qiling:

  • boshqalar bilan kamida 2 metr masofa saqlang;
  • yuzingizga barmoqlaringizni tekkizmang;
  • boshqa odamlarga teginmang;
  • aksirganda yoki yo‘talganda, burningiz va og‘zingizni tirsagingiz bilan yoping.

Tibbiy niqobingizni yechmang

Aeroport va vokzallarda himoya niqoblaringizni va qo‘lqoplaringizni yechmang. Tibbiy niqobingiz namlansa yoki yirtilsa, darhol yangisiga almashtiring. Tibbiy niqoblar va himoya qo‘lqoplaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha tavsiyalarga rioya eting.

Qo‘llaringizni yuving

Samolyot va poyezd o‘rindiqlari yoki xavfsizlik kamarlarini kun davomida bir necha kishi ushlashi mumkin. Shuning uchun, safar vaqtida qo‘llaringizi yuzingizi tekkizmang va ularni tozalab turing.

Qo‘llarni yuvish yuqumli kasalliklar bilan zararlanishni 16 foizga kamaytirishi mumkin, deyiladi AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari tadqiqotlarida. Agar suv va sovun bo‘lmasa, tarkibida 60 foizdan ko‘proq alkogol bo‘lgan qo‘l sanitayzerlaridan ham foydalansa bo‘ladi. Qo‘l sanitayzerlari qo‘lga sepilganidan so‘ng, suyuqlikning qo‘lda qurishiga ishonch hosil qilish kerak, aks holda mikroblar yo‘qolmasligi mumkin.

O‘rindiqlar, stollar, tutqichlar

Ba’zi yo‘lovchilar nam salfetka yoki sanitayzerlar bilan o‘rindiq, stol, hojatxona tutqichlari va boshqa narsalarni artib, tozalashga harakat qilishadi. Tibbiyot xodimlari The New York Times nashriga bunday harakatni maslahat berishmasliklarini aytishgan.

Ular stollarning ustiga qog‘oz qo‘yishni va shu orqali noutbuk yoki yo‘lovchining boshqa jihozlari har qanday yuzalarga tegishining oldini olish mumkinligini aytishgan. Shifokorlar hojatxona eshigini ochganda va yopganda qog‘oz sochiqlarni ishlatishni maslahat berishgan. Mutaxassislar ovqatni stollarning ustiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘ymaslikka, o‘rindiqlar tutqichlarini ushlamaslikka e’tibor berish kerakligini aytishgan.

Safar davomida o‘rningizda qoling

Parvoz yoki poyezd yurishi davomida o‘z o‘rningizni ehtiyojsiz tark etmang. Ushbu tartib poyezdlar va samolyotlarda ham o‘rnatilgan.

Agar safar davomida sizda shubhali kasallik alomatlari paydo bo‘lsa, o‘z o‘rningizdan turmasdan, poyezd yoki samolyot ekipajiga xabar bering.

Hojatxonaga bormoqchi bo‘lsangiz, sizning o‘rindig‘ingizga eng yaqin joylashgan hojatxonaga boring. Samolyotga minish yoki samolyotdan chiqishda odamlar gavjumlanib qolishiga yo‘l qo‘ymang.

Samolyotda bo‘lish ofisda bo‘lishdan xavfsizroq

Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasining ta’kidlashicha, samolyotda bo‘lish infeksion jihatdan ofis yoki savdo markazida bo‘lishdan ko‘ra xavfsizroq. Chunki, deyarli barcha zamonaviy samolyotlarda yaxshi havoni tozalash tizimi o‘rnatilgan. Ushbu havoni tozalash tizimlari havoda yuzaga keladigan mikroblarning 99 foizini tozalashi aytilgan.

Yaxshigina dam oling

Sizning immunitetingiz qanchalik sog‘lom bo‘lsa, kasallikka chalinishingizning ehtimoli shunchalik past bo‘ladi. Shuning uchun, shifokorlar 6 soatdan 8 soatgacha uxlashni, meva va sabzavotlar yeyishni maslahat berishgan.