Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan benzin mahsuloti importiga aksiz solig‘ini 5 foizdan 20 foizga oshirish yuzasidan munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, qo‘mita neft mahsulotlari uchun aksiz solig‘i deyarli barcha davlatlarda qo‘llanilishi haqida ma’lum qildi. Shu bilan birga, iste’molchilar manfaatlari ustuvorligini ta’minlagan holda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida import benzinning aksizini ko‘tarmasdan, balki mahalliy benzin uchun aksiz solig‘iga imtiyoz qo‘llanilgan xorijiy tajribani ko‘mita misol tariqasida keltirib o‘tgan.

Bunda, Belorussiyada 28 fevraldan 31 dekabrga qadar mahalliy benzin ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan benzinni realizatsiya qilganda, aksiz solig‘i to‘lovchilariga 0,25 koeffitsiyent miqdorida imtiyoz qo‘llanilishi belgilangan.

Shuningdek, Qozog‘istonda bozorda benzin defitsitini oldini olish, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan benzin narxini arzon ushlash maqsadida avval import benzin uchun aksiz solig‘i mahalliy benzinga nisbatan deyarli uch baravar kam bo‘lgan. Lekin, 2018 yildan boshlab bozor ishtirokchilariga teng sharoit yaratish maqsadida aksiz miqdori tenglashtirildi.

«2020 yilga qadar „O‘zbekneftgaz“ AJning neftni qayta ishlash korxonalarida bir qator imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanib kelingan», — deyiladi qo‘mitaning xabarida.

Monopol korxona hisoblangan Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlari may oyidan narxni shakllantirish bo‘yicha qo‘llanib kelingan cheklovlardan ozod etildi. Endilikda narxlar birja savdolarida talab va taklifdan kelib chiqib shakllana boshladi.

Shu o‘rinda, «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan import neft mahsulotlarining aksiz solig‘ini oshirilishi bo‘yicha Energetika vazirligiga kiritilgan taklif yetarlicha iqtisodiy asoslantirilmagan, deya ta’kidlaydi qo‘mita.

Ushbu sabablardan kelib chiqib, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi sog‘lom raqobat muhitining ta’minlanishi va iste’molchilar manfaatlarini ko‘zlagan holda aksiz solig‘ini oshirilish maqsadga muvofiq emas, deb hisoblashini bildirdi.

Shuningdek, Moliya vazirligi ham bu masala bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, hozirda mamlakatda ishlab chiqarilgan va import qilinadigan neft mahsulotlari aksiz solig‘i stavkalari bir xil emasligi ta’kidlandi.

«Agar benzin ishlab chiqaruvchilari AI-92 rusumli 1 tonna benzin uchun 250 ming so‘m aksiz solig‘i to‘lasalar, import qiluvchilar ushbu benzin markasi bojxona qiymatining 5 foiz miqdorida aksiz solig‘i to‘lagani uchun byudjetga 121 500 so‘m o‘tkazadi», — deyiladi Moliya vazirligining xabarnomasida.

Ma’lum qilinishicha, Moliya vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda import va neft mahsulotlari ishlab chiqarishda aksiz solig‘ining yagona stavkasini belgilash masalalari ishlab chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan mahalliy neftni qayta ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida benzin mahsuloti importiga aksiz solig‘ini 5 foizdan 20 foizga oshirish taklifi bilan chiqqandi.