Bahrom To‘lqinovich Qo‘chqorov Prezident qaroriga muvofiq adliya vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Bunga qadar u 2017 yil may oyidan buyon Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi rahbari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Bahrom Qo‘chqorov — Toshkent davlat yuridik instituti (1994), AQSHning Vashington huquq kolleji (1998) va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini (1999) tamomlagan, mutaxassisligi yurist, iqtisodchi. O‘z mehnat faoliyatini 1994 yilda Adliya vazirligi Iqtisodiy islohotlar bo‘yicha qonun va normativ hujjatlar loyihalarini tayyorlash va huquqiy ekspertiza qilish boshqarmasi katta maslahatchisi lavozimidan boshlagan.

Ikromov Muzraf Muborakxodjayevich ham adliya vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi.

Bunga qadar u 2019 yil martidan buyon Qashqadaryo viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. Avvalroq — Hisob palatasi raisi bo‘lgan. 2015−2017 adliya vaziri bo‘lgan.

Muzraf Ikromov (1973 y. t.) — Toshkent davlat yuridik institutini (1995), Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini (2007) tamomlagan, mutaxassisligi huquqshunos.

U o‘z mehnat faoliyatini 1995 yilda Adliya vazirligi iqtisodiy islohot bo‘yicha qonunchilik va me’yoriy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va huquqiy ekspertiza qilish boshqarmasi katta maslahatchisi lavozimidan boshlagan.