Andijon viloyati rivojlanishi uchun 7 trln so‘m investitsiya o‘zlashtiriladi, deya O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon shahrida o‘tayotgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda Andijon viloyatida 789 ta loyiha bo‘yicha 7 trln so‘mlik investitsiya o‘zlashtirilib, 42 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Bunda, to‘qimachilik yo‘nalishida umumiy qiymati 106 million dollar bo‘lgan 13 ta loyiha amalga oshirilib, ip-kalavani qayta ishlash darajasi 78 foizga yetkaziladi, 278 mln dollarlik eksport ta’minlanadi.

Qurilish materiallari tarmog‘ida 2020−2021 yillarda 74 loyiha samarasida 106 mln dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikka 353 milliard so‘m kredit, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 20 mln dollar ajratilishi belgilandi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, viloyatda bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, aholini soliqdan ozod qilingan 60 dan ortiq turdagi kasbga o‘qitish bo‘yicha davlat rahbari tomonidan topshiriqlar berildi.

Ta’lim sifatini yaxshilash, o‘quvchilarni 7-sinfdan qiziqqan kasbiga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Bu kelgusida ularning bandligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

“Meni eng ko‘p o‘ylantiradigan masala — yoshlar va xotin-qizlar. Ularga e’tibor, ko‘mak kerak. Bilimi, qo‘lida kasb-hunari bo‘lsa, hayotda o‘z o‘rnini topib ketadi, dunyoqarashi ham boshqacha bo‘ladi. Ota-onasi, oilasi ham davlatdan rozi bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, prezident Andijon viloyati aholisining turmush sharoitlarini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish masalalari bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosarlari, tarmoq rahbarlarining hisobotini tingladi.

Ma’lum qilinishicha, 2020 yilda viloyatda aholi uchun 6 196 ta uy joylar barpo etilgan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 2 barobar ko‘p. Davlat rahbari uy-joyga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etib, Andijon viloyatida 819 ta oilaga subsidiya ajratish зарурлигини ta’kidladi. Bu yil 642 kilometr avtomobil yo‘li, 85 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari qurilishi va ta’mirlanishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, davlat rahbari yig‘ilish davomida endilikda har bir sektorda “Kambag‘allikni qisqartirish shtabi” tashkil etilishini ma’lum qilgandi.