Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish, ushbu kasallikka chalingan bemorlarni samarali davolashda katta tajriba va malakaga ega bir guruh shifokor mutaxassislar Tojikistonga yo‘l oldi, deya xabar berdi SSV matbuot xizmati. Ularni sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov kuzatib qo‘ydi.

Shifokorlar COVID-19ning oldini olish, nazorat qilish va davolashni tashkil etishda tojikistonlik tibbiyot xodimlariga yaqindan ko‘maklashadi.


Tibbiyot guruhi tarkibidan anesteziolog-reanimatolog, pulmonolog, epidemiolog, infeksionist, virusolog, hamshira kabi tibbiyot xodimlari o‘rin olgan.

Eslatib o‘tamiz, Tojikistonda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq 15 ta holat ilk bor 30 aprel kuni e’lon qilingan edi. 8 may holatida mamlakatda 461 ta COVID-19 holati qayd etilgan, 12 bemor hayotdan ko‘z yumgan. «Avesta» agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 7 may holatida mamlakatdagi tibbiyot muassasalarida 4205 kishi shifokorlar nazoratiga olingan.

O‘zbekistonda esa xabar e’lon qilingan vaqtda 2314 ta koronavirus holati qayd etilgan bo‘lib, ushbu infeksiyadan sog‘aygan bemorlar 1721 nafarni tashkil etmoqda. 10 kishi hayotdan ko‘z yumdi.