Sardoba suv ombori xududida turadigan aholi Yangiyer shahriga evakuatsiya qilindi, deya xabar berdi shahar hokimligi matbuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, 1 may kuni «Sardoba» suv ombori dambasining 6-piket devoridan suv chiqqani haqida favqulodda xabar berilganidan keyin zudlik bilan suv ombori xududidan evakuatsiya qilingan aholini Yangiyer shahriga qabul qilish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi.

Ishchi shtab tomonidan Mirzaobod tumanidagi «Beruniy», «Paxtaobod», «Baliqchi», «Haqiqat», «Bahoriston», «Yangiovul» va «Do‘ngariq» mahallalaridan vaqtinchalik evakuatsiya qilingan 2 ming nafardan ziyod aholi Yangiyer pedagogika hamda tibbiyot kollejlari, Guliston davlat universitetining Yangiyerdagi pedagogika fakulteti hamda Yangiyer Futbol akademiyasi binosiga joylashtirildi.

Evakuatsiya qilingan fuqarolar Yangiyer shahrida quyidagicha joylashtirildi:

  • Pedagogika kolleji yotoqxonasiga 700 nafar;
  • Tibbiyot kolleji yotoqxonasiga 150 nafar;
  • Guliston davlat universitetining Yangiyerdagi pedagogika fakulteti yotoqxonasiga 600 nafar;
  • Futbol akademiyasi yotoqxonasiga 300 nafar fuqaro.

Ushbu jarayonlarga 50 ta mikroavtobus, 10 ta tez tibbiy yordam brigadasi, 50 nafar o‘rta tibbiyot xodimi, 15 nafar shifokor jalb etildi, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, shunday favqulodda sharoitda bir qancha tadbirkorlar, saxovatpesha insonlar va homiylar tomonidan evakuatsiya qilingan fuqarolarga zaruriy oziq-ovqatlar, ichimlik suvi, niqob, antiseptik vosita, bir martalik qo‘lqoplar va boshqa tibbiyot vositalari yetkazib berilmoqda.

Shuningdek, Guliston tuman hokimligi tomonidan ham oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat homiylik yordami keltirilgan.

Vaziyat to‘liq nazoratga olingan, sarosimaga tushishga asos yo‘q, deyiladi Yangiyer hokimligi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni soat 05:55da Sirdaryo viloyatida joylashgan «Sardoba» suv ombori dambasining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgan. Buning oqibatida Sardoba tumanining bir qator aholi yashash punktlariga suv kirgan. Mazkur hududdan 11 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilingan. Voqea joyiga O‘zbekiston prezidenti hamda xukumat rahbari yetib borishgan.

Hozirda toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun suv oqimlari Oqoltin tumani hududidan o‘tuvchi Abay kanali orqali Arnasoy ko‘liga yo‘naltirilgan. Shuningdek, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, «Sardoba» suv omboridan suv chiqish hodisasi to‘xtagan. Suv toshqini viloyatning boshqa hududlarida kuzatilmagan, deyiladi FVV xabarida.