28 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga “kuzatuvchi” bo‘lib kirishi uchun ovoz berishdi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, 86 ta rozi, 32 ta qarshi, 14 ta betaraf ovozlar qayd etilgan. 1 nafar deputat ovoz bermagan. Qolganlar ovoz berishda qatnashishmagan.

Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullangan qaror endilikda Senat a’zolari ko‘rib chiqishi yuborilgan.

Yig‘ilishda partiya fraksiya rahbarlari so‘zga chiqib, fraksiyalarning ushbu masala bo‘yicha partiya pozitsiyalarini e’lon qilishdi.

“Milliy tiklanish” partiya fraksiyasi

Fraksiya rahbari Alisher Qodirovning izohiga ko‘ra, “Milliy tiklanish” partiya fraksiyasi a’zolari hozirgi sharoitda O‘zbekistonni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOOI) nafaqat a’zo, balki kuzatuvchi bo‘lishga ham tayyor emas deb hisoblaydilar.

Shuningidek, fraksiya azolari O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligi mamlakat ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotining asosiy ko‘rsatkichlariga, davlat suverenitetiga va davlatchilikning boshqa asoslariga ta’sir qilishining salbiy ehtimollarini inobatga olish kerakligini ta’kidlashgan.

Fraksiya ushbu xulosaga kelishga sabab bo‘lgan ayrim sabablarni aytib o‘tgan:

Birinchidan, bu xamkorlik xorijda ishlayotgan vatandoshlar daromadini oshirishi mumkin, lekin iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarida malakali milliy kadrlarni yo‘qotishga olib keladi. Bu o‘rta va uzoq istiqbolda milliy iqtisodiyotga jiddiy zarar beradi.

Ikkinchidan, yagona boj tarifi 6 mingga yaqin tovarlarda boj stavkalarini o‘zgartirishni talab qiladi. Bu silkinish bosqichma-bosqich, imtiyozlar bilan amalga oshirilgan taqdirda ham milliy iqtisodiyotga jiddiy zarar beradi. Shu bilan birga, muhim investitsion loyihalarni amalga oshmasligiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Uchinchidan, fraksiya a’zolari ittifoqda amalda bo‘lgan 48 ta texnik reglamentning 5 tasidan xabardorligi, 14 tasida jiddiy tavofutlar borligi va 29 ta reglament mamlakatda umuman mavjud emasligini aytgan.

To‘rtinchidan, fraksiya dunyo iqtisodiyotiga jiddiy zarba bo‘lishi kutilayotgan pandemiyadan keyingi davrning qanday tus olishi haqida aniq tasavvurga ega emasligini aytgan. Ko‘pgina xalqaro ekspertlar postpandemik davr davlatlararo tuzilmalar uchun juda og‘ir bo‘ladi, degan fikrni ilgari surishmoqda.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi bugungi sharoitda O‘zbekistonni YeOIIga a’zo mamlakatlar bilan amaldagi ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini rivojlantirgan shaklda davom эттирishni eng to‘g‘ri yo‘l deb hisoblaymiz", — deya ta’kidladi fraksiya rahbari Alisher Qodirov.

“Adolat” fraksiyasi

“Adolat” fraksiyasi deputatlari O‘zbekistonning YeOOI bilan hamkorligi mamlakatning iqtisodiy taraqqiyoti uchun o‘ta muhim masala, deb hisoblaydi. Fraksiya rahbari Narimon Umarov fuqarolar o‘rtasida “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining o‘tkazgan so‘rov natijalariga e’tibor qaratishni so‘ragan. O‘tkazilgan so‘rovga asosan 54 foiz aholi YeOII bilan hamkorlikni qo‘llab-quvvatlagan.

Fraksiya O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligi masalasida uning ijobiy va salbiy jihatlarini keltirgan. Unga ko‘ra, hamkorlik quyidagi ijobiy jihatlarga ega:

  • Birinchidan, mamlakat YeOIIga a’zo davlatlar bilan energetika sohasidagi hamkorligi kelgusida yaxshi natija berishi aytilgan. Bunda a’zo davlatlar neft, gaz qazib olish va ularni qayta ishlash bo‘yicha dunyoda yetakchi hisoblanishi sabab qilib ko‘rsatilgan. Bu o‘rinda O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan yirik kompaniyalar LUKOYL va Gazprom misoli keltirilgan.
  • Ikkinchidan, transport-kommunikatsiya sohasidagi imkoniyatlar sezilarli darajada ortishi aytilmoqda. Sanoat mahsulotlarining YeOII a’zo mamlakatlar orqali tranzit hajmlari yanada oshadi.
  • Uchinchidan, fraksiya ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash sohalari bo‘yicha hamkorlik ijobiy samara ko‘rsatishi kutmoqda. Rossiya va Belorus oliy ta’lim muassasalarining filiallari tashkil etilganligi va raqobatdosh mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilganligi misol tariqasida keltirilgan.

Bundan tashqari fraksiya a’zolari YeOII bilan hamkorlikning salbiy ta’siriga ham o‘z e’tiborlarini qaratganlar:

  • Birinchisi, YeOIIga a’zo bo‘lish mamlakat sanoatining qator tarmoqlari rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, respublikada faoliyat yuritayotgan avtomobilsozlik, oziq-ovqat, farmatsevtika va boshqa sohalar 2 mlrd AQSH dollari atrofida yo‘qotishi prognoz qilinayotganligi aytilgan.
  • Ikkinchisi, YeOII davlatlari bilan tashqi savdo siyosatini yetarlicha muvofiqlashtirish quvvatiga ega emas. Sababi, YeOII qoidalarini buzgan davlatni YeOII sudiga berish kabi o‘ta muhim vakolat belgilanmagan.

“Fraksiya istiqbolda YeOIIga a’zo mamlakatlar o‘rtasida halol raqobat muhitini buzish holatlari bo‘yicha nizolarni bartaraf etish mexanizmi mavjud emas. Xulosa sifatida O‘zbekistonning hozirgi rivojlanayotgan iqtisodiyotini inobatga olgan holda hamkorlikda o‘tish davri belgilanib, kuzatuvchi davlat sifatida ishtirok etish ma’qullandi”, — deya xulosa qilgan fraksiya rahbari Narimon Umarov.

Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi

“Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilish masalasi xalqimizning, har bir fuqaroning manfaatlariga bevosita ta’sir qiluvchi juda jiddiy masaladir. Shu bilan birga, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kelgusida hamkorlik natijasini baholash, prognoz qilish nihoyatda murakkab va qiyin jarayondir”, — deya ta’kidlaydi fraksiya rahbari Ulug‘bek Inoyatov.

Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi YeOOI bilan hamkorlik qilish yuzasidan quyidagilarga to‘xtalib o‘tgan.

Birinchidan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilish O‘zbekiston uchun mehnat migratsiyasidagi mavjud muammolarni hal etishda yaxshi imkoniyatlar yaratishi mumkin. Ayniqsa, ushbu tashkilotga kiruvchi mamlakatlarda ishlab yurgan millionlab O‘zbekiston fuqarolarining ijtimoiy himoyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi aytilmoqda. Jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kiruvchi mamlakatlarda ishlab yurgan barcha mamlakat fuqarolariga erkin ishlashga va ishlab topilgan pul o‘tkazilmalari hajmini oshirishga imkon beradi. Shuningdek, fuqarolarning ijtimoiy himoyasi ta’minlanadi, jumladan, pensiya tayinlashda mehnat staji inobatga olinadi, ularning farzandlari kafolatlangan ta’lim va tibbiy xizmat olish huquqiga ega bo‘ladi.

Ikkinchidan, mamlakatning eksport salohiyatini oshirish strategik vazifa etib belgilanganligi ta’kidlanmoqda. Buning uchun salohiyatli va barqaror iste’mol bozori kerak. Fraksiya Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilish transport xarajatlarini kamaytirish, tarifsiz to‘siqlarni optimallashtirish, to‘qimachilik va trikotaj sanoatining eksport salohiyatini sezilarli darajada oshirishga xizmat qilishini kutmoqda. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirishda ittifoqqa a’zo mamlakatlar salohiyatli iste’mol bozori bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan.

Uchinchidan, fraksiya tahlillarga ko‘ra temir yo‘l tashuvlarida eksport-import hajmining o‘sishi 10−15 foizga baholamoqda. Tovarlar tranzitida yagona tariflardan foydalanilishi natijasida yuk jo‘natuvchilar va qabul qiluvchilarning transport xarajatlari sezilarli darajada kamayishi mumkin. Bu eksport va import qilinadigan mahsulotlarning yakuniy qiymatida transport harajatlari ulushi kamayishiga va pirovard natijada mahsulotlarning tannarxi pasayishiga asos bo‘ladi.

Bundan tashqari fraksiya Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilishdan ayrim salbiy omillar ham ­kutish mumkinligini aytgan. Jumladan, tashkilotga kirish ichki bozorning ochiq bo‘lishiga olib keladi, ya’ni mahalliy korxonalar ­boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar sifati bilan raqobat qila olishi kerak bo‘ladi.

“Uzoq yillar davomida proteksionizm siyosati orqali qo‘llab-quvvatlab kelingan sanoat korxonalarimizning faoliyati zaiflashib qolishi xavfi mavjud. Raqobatga tayyor bo‘lmagan tarmoqlar va korxonalarimizni zaiflashib qolishi hisobiga iqtisodiy zarar ko‘rilishi hamda ishsizlar soni oshib ketishi mumkin. Misol uchun, birgina raqobatga tayyor bo‘lmagan ko‘mir ishlab chiqarish sohasini oladigan bo‘lsak, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilish natijasida 4 ming ish o‘rni qisqarishi mumkin”, — deydi fraksiya rahbari Ulug‘bek Inoyatov.

XDP fraksiyasi O‘zbekistonni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida “kuzatuvchi-davlat” maqomiga ega bo‘lishini maqsadga muvofiqligini xulosa qilgan.

Ekologik partiya fraksiyasi

O‘zbekiston Ekologik partiya fraksiyasi a’zolari Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik tabiatni muhofaza qilish sohasidagi vazifalarni hal etish uchun ham muayyan ishlarni amalga oshirishini ta’kidlashmoqda.

Fraksiya Yevroosiyo mintaqasi yagona ekotizim ekanligini inobatga olgan holda, xo‘jalik va iqtisodiy faoliyatning huquqiy rejimi mintaqa davlatlarining ekologik manfaatlarini inobatga olishi kerak, deb hisoblaydi. Tabiiy resurslarning ko‘pi transchegaraviy xususiyatga ega bo‘lib, ulardan bir davlat tomonidan foydalanish boshqasiga zarar yetkazmasligi lozim.

“Ammo, bugungi kunda ikki tomonlama asosda hal etilayotgan ushbu savollarga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining aniq javoblari yo‘q. Mavjud ekologik muammolar Ittifoqqa a’zo davlatlarning barqaror rivojlanishiga muayyan to‘siqlarni qo‘yadi. Bu indekslar dinamikasi, ya’ni: jamiyatning barqarorligi, ekologik samaradorlik va taraqqiyot ko‘rsatkichlaridir”, — deya ta’kidlagan Boriy Alixonov.

Fraksiya rahbari kelgusida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni shakllantirish kerakligini ta’kidlagan:

  • O‘zbekiston bilan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha o‘zaro axborot almashinuvi tizimini yaratish;
  • xalqaro ekologik standartlarni joriy etish;
  • global iqlim o‘zgarishini oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
  • tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya texnologiyalarini kengroq joriy qilish g‘oyalarini ilgari suradigan yangi ish o‘rinlarni tashkil etuvchi “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini tatbiq etish;
  • oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik sug‘urta va audit uchun umumiy talablarni aniqlash, ruxsatnomalar berish, ekologik xavfli faoliyatning umumiy ro‘yhatini ishlab chiqish, foydalanilgan tabiiy resurslarni hisobga olish talablarini birlashtirish;
  • atrof-muhitni ifloslantiruvchi chiqindilarni yo‘q qilish uchun chiqindilarni kamaytirishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni ishlab chiqish.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi O‘zbekistonni YeOIIga kuzatuvchi sifatida kirishi dastlabki davrda maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb hisoblaydi.

O‘zLiDeP fraksiyasi

O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi fraksiya a’zolari joylarda fuqarolar fikrini o‘rganib, o‘zaro muhokamalar o‘tkazib, ushbu hamkorlikning salbiy va ijobiy tomonlarini o‘rganib chiqishgan. Fraksiya rahbari Aktam Xaitovning aytishicha, partiya tomonidan tashkil qilingan aholi bilan bo‘lgan barcha uchrashuvlar, telefon hamda internet orqali o‘tkazilgan umummilliy ijtimoiy tadqiqot so‘rovida qatnashganlarning 53 foizi O‘zbekiston va YeOII o‘rtasidagi hamkorlik chuqurlashishinima’qullagan.

Fraksiya a’zolari Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilishning afzal tomonlari sifatida quyidagilarni qayd etishgan.

Birinchidan, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda teng imkoniyatlar yaratiladi va ichki bozorning monopollashuviga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston mahsulotlarining YeOIIga a’zo mamlakatlari bozorlariga chiqishida mavjud sun’iy to‘siqlar va eksport qilish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar kamayadi.

Ushbu Tashkilotning boshqa davlatlar bilan erkin savdo zonalarining tashkil etilishi O‘zbekiston tovarlarining uchinchi davlatlar bozorlariga kirishini yengillashtiradi. Bu o‘z navbatida, tovarlar umumiy iqtisodiy zonada afzalroq shartlar va manfaatli narxlarda sotilishiga imkon beradi. Yagona maydondan foydalanish xalqaro savdoni yengillashtiradi hamda O‘zbekiston yagona bojxona makonining bir qismiga aylanadi.

Ikkinchidan, iqtisodiyot tarmoqlari modernizatsiyasi kuchayadi, jumladan, qayta ishlangan mahsulotlarning shu davrgacha ishga solinmagan jihatlarini ro‘yobga chiqarish imkoniyati yuzaga keladi. Xususan, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini YeOII mamlakatlariga bojxona to‘lovlarisiz eksport qilish hamda tashqi investitsiya jalb qilish orqali sohani modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish imkoniyati yaratiladi.

Uchinchidan, yuklarni yetkazib berish logistikasi yaxshilanadi hamda chegaralarda ortiqcha talablar va to‘siqlar bartaraf etilishi natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish muddatlari qisqaradi. Shuningdek, tashqi savdo uchun qulay bo‘lgan dengizga chiqish yo‘llari ochiladi. Shunda mahsulotlarning xalqaro savdoda — ham narx, ham sifat jihatidan boshqa davlatlarning turdosh tovarlariga nisbatan pozitsisi boy berilmaydi.

To‘rtinchidan, mamlakatning innovatsion rivojlanish, “bilimlar iqtisodiyoti” va “raqamli iqtisodiyot"ni rivojlantirish yo‘lidan jadal harakatlanishini ta’minlashga xizmat qiladi. Tashkilot doirasida davlatlarning tadbirkorlari o‘rtasida kooperatsiya va klasterlarning shakllanishi mamlakatda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini oshiradi.

“Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining iqtisodiy tashkilot ekanligi, O‘zbekistonning bugungi savdo hamkorlari tarkibida ushbu tashkilotga a’zo davlatlar salmog‘i yuqoriligi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, hududiy klasterlar, sanoat va savdo zonalarini tashkil etishda mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatini yanada kengaytiradi. Ma’lumki, tashqi savdoga chiqadigan yuklarimizning 80 foizi Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston orqali o‘tadi. Tayyor mahsulotlarimiz eksportining yarmidan ko‘prog‘i shu mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi”, — deya ta’kidlagan O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov.

Fraksiya rahbari fermerlarning fikrlariga tayanib aytishicha, qishloq xo‘jaligi uchun afzalliklar import qilinadigan qishloq xo‘jaligi texnikasi, texnologiyalar, urug‘lar, o‘g‘itlar, kimyoviy himoya vositalari, chorvachilik uchun dorilar va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan boshqa vositalar mahalliy mahsulotlar tannarxining pasayishiga xizmat qiladi. O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi hududlarda yer resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi texnologik yondashuvlarni qo‘llash barobarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, O‘zLiDeP fraksiyasi O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan ehtimoliy a’zo bo‘lishi bilan bog‘liq bir qator xatarlar mavjudligini ham ta’kidlagan.

Birinchidan, ushbu tashkilotning o‘zaro iqtisodiy yordam ko‘rsatish mexanizmi bo‘lishi bilan birga, milliy va xalqaro qonunchilik doirasida chuqur o‘rganishlarga zarurat bor. Ayniqsa, bu texnik tartibga solish reglamentlari, standartlar, fitosanitariya va boshqa normalar bilan bog‘liq.

Ikkinchidan, YeOII hududida yagona bojxona tarifi qo‘llanilishi sababli sanoat korxonalarini modernizatsiyalashda talab etiladigan ilg‘or texnologik uskunalarning uchinchi davlatlardan importi qiyinlashuvi natijasida neft-gaz, elektroenergetika, kimyo, oziq-ovqat va boshqa sohalardagi mamlakatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yirik investitsiyaviy loyihalarga ta’sirini chuqur o‘rganish talab etiladi.

Uchinchidan, YeOII bilan hamkorlik mamlakat avtomobilsozlik sanoat tarmog‘ining raqobatbardoshligi va uning kelajakdagi rivojiga ta’sir ko‘rsatishi kabi xatarlar mavjud.

O‘zLiDeP fraksiyasi YeOII bilan hamkorlik ijobiy natijalarga olib kelishi mumkinligini inobatga olib, munosabatlarning ilk bosqichida “kuzatuvchi davlat” maqomidan foydalangan holda ishtirok etish maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.