27 aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 1887 nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov so‘zlariga ko‘ra, hozirda Toshkentdagi uchta tibbiyot muassasasida 330 kishi davolanmoqda, ulardan 77 nafarida klinik pnevmoniya belgilari mavjud.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 117 bemor davolanmoqda, 32 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 2 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.

Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 69 bemordan 2 nafarining ahvoli og‘ir.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida davolanayotgan 144 bemordan 45 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 5 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir, deb baholanyapti.

Hozirgi vaqtga kelib, Respublikadagi mavjud virusologik laboratoriyalarda o‘tgan kunning o‘zida 8 400ta, shu vaqtgacha 250 mingta test sinovlari o‘tkazildi, dedi Nurmat Otabekov.

Koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni hozirda 789 kishini tashkil etmoqda. Sakkiz kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Ma’lumot uchun, AQSHdagi Jons Xopkins universitetining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda dunyo bo‘ylab 2,97 milliondan ziyod odamlarda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bundan 865 836 nafari infeksiyadan sog‘aygan, 206 549 nafar bemor vafot etgan.