“Ma'rifat” gazetasining Farg‘ona viloyatidagi muxbiri Sharifa Madrahimova va Uchko‘prik tumani hokimligi xodimi Shohjahon Mo‘ydinov bilan bog‘liq holat tuman hokimligi tomonidan batafsil o‘rganib chiqildi, deya xabar berdi Uchtepa tuman hokimligi matbuot xizmati.

Xabarda qayd etilishicha, Shohjahon Mo‘ydinovga nisbatan ichki idoraviy o‘rganish o‘tkazilib, davlat idoralarida o‘rnatilgan kasb etikasi me’yorlarini buzgani tasdiqlandi.

Shohjahon Mo‘ydinov Uchko‘prik tumani hokimining kotibi vazifasidan ozod etildi va xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

“Jurnalist Sharifa Madrahimova va hokimlik xodimi o‘rtasida yuz bergan holat tuman huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘rganilmoqda. O‘rganish natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinadi va qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 15 aprel kuni Uchko‘prik tuman hokimligi matbuot xizmati e’lon qilgan xabar asosida tuman markaziy Dehqon bozorida tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasidagi narxlarni o‘rganish uchun borgan jurnalistga o‘zini hokim kotibi deb tanishtirgan Shohjahon Mo‘ydinov qarshilik ko‘rsatib, qo‘llarini qayirgan va telefonini olib qo‘ymoqchi bo‘lgan edi. Shundan so‘ng jurnalist ikki soat davomida tuman IIB binosida olib turilgan.