24 aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 1778 nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Bosh davlat sanitariya nazoratchisi Nurmat Otabekov so‘zlariga ko‘ra, hozirda Toshkentdagi uchta tibbiyot muassasasida 321 kishi davolanmoqda, ulardan 76 nafarida klinik pnevmoniya belgilari mavjud.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 95 bemor davolanmoqda, 30 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 3 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.

Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 75 bemordan 2 nafarining ahvoli og‘ir.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida davolanayotgan 151 bemordan 46 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 4 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir, deb baholanyapti.

Koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni hozirda 563 kishini tashkil etmoqda. Yetti kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Ma’lumot uchun, AQSHdagi Jons Xopkins universitetining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda dunyo bo‘ylab 2,7 milliondan ziyod odamlarda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bundan 738 490 nafari infeksiyadan sog‘aygan, 190 861 nafar bemor vafot etgan.