O‘zbekistonda ikki kun davomida kasallikdan tuzalganlar soni yangi koronavirus holatlaridan ko‘proq bo‘lmoqda.

21 aprel kuni O‘zbekistonda 51 ta yangi koronavirus bilan zararlanish holatlari qayd etilib, 96 kishi sog‘aygan edi. 22 aprel kuni ham ushbu tendensiya davom etib, bir sutka davomida 38 ta yangi koronavirus holatlari aniqlangan bo‘lsa, 93 nafar bemor ushbu virusdan tuzaldi. Ikki kun davomida deyarli 200 nafar bemor tuzalgan.

Ko‘rinib turibdiki, birinchi koronavirus holati qayd etilgandan buyon ilk marotaba ikki kun davomida kasallikdan tuzalganlar soni uni yuqtirib olganlardan ko‘proq bo‘lmoqda.

Natijada 15 martdan boshlab 20 aprelga qadar umumiy koronavirusdan davolanayotgan bemorlar soni kundan-kunga faqat oshib borgan bo‘lsa, 21−22 aprel kunlari tegishli tibbiyot muassalarida davolanayotgan bemorlar soni oldingi kunlarga nisbatan qisqargan.

Jumladan, 19 aprel 1340 nafar bemor va 20 aprel kuni 1366 nafar bemor tibbiyot muassasalarida davolanayotgan edi. 21 aprel kun yakuniga kelib davolanayotgan bemorlar soni 1321 nafarga yetgan bo‘lsa, 22 aprel kungi ma’lumotlarga ko‘ra tibbiyot muassasalarida 1266 nafar bemor davolanmoqda.