Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumani hokimiyati tomonidan “Ma'rifat” gazetasi muxbiri Sharifa Madrahimovaning huquqlari buzilishi bilan bog‘liq hodisani o‘rgandi. Bu haqda agentlik rahbari v. b. Dilshod Saidjonov ma’lum qildi.

Jurnalistning murojaatini o‘rgangan AOKA tuman hokimlik vakillari hamda tuman IIB xodimlari tomonidan “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida” va “Jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunlar hamda Jinoyat kodeksi normalari buzilishi ehtimoli yuzasidan vaziyatga huquqiy baho berishni so‘rab Bosh prokuraturaga murojaat qildi. Hozirgi vaqtda Bosh prokuratura masalani o‘rganmoqda va natijalari bo‘yicha o‘z qarroini bildirishni rejalashtirmoqda.

“Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiqlik siyosati davlat idoralaridan xalq bilan yaqin muloqot o‘rnatish, fuqarolarning so‘rovlari, muammolari va takliflariga o‘z vaqtida javob berishni talab qiladi. Ushbu muloqotni olib borishda OAV va blogerlar beqiyos rol o‘ynaydi, ular xalqimizga axborot yetkazishda barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga katta yordam ko‘rsatmoqda. Ular, shuningdek, davlat idoralari matbuot xizmatining tayanchi hisoblanadi”, — deya qayd etdi Dilshod Saidjonov.

“Agentlik barcha davlat idoralari axborot sohasida mamlakat qonunchiligini hurmat qilishlari va konstruktiv tanqidni to‘g‘ri qabul qilishlari shart deb hisoblaydi, chunki OAV va blogerlar idoralarning obro‘si va harakatlariga putur yetkazish maqsadida tanqid qilishmaydi, balki shu orqali ularga fuqarolarning ma’lum muammolarini ko‘rishlariga imkon berish uchun, davlat organlari faoliyatidagi, xususan jamiyatni xabardor qilishdagi xatolar, kamchiliklar va ularni xalqimiz manfaatlariga mos ravishda tezda bartaraf etish uchun mehnat qilishadi”, — dedi AOKA rahbari.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi ham ushbu masala bo‘yicha ham holatni qonun doirasida batafsil o‘rganib chiqishni hamda jurnalistga nisbatan bosim o‘tkazish holati aniqlangan taqdirda mutasaddilarga tegishli tartibda chora ko‘rilishini so‘rab Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligiga murojaat yo‘lladi.