22 aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 1692 nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Bosh davlat sanitariya nazoratchisi Nurmat Otabekov so‘zlariga ko‘ra, hozirda Toshkentdagi uchta tibbiyot muassasasida 314 kishi davolanmoqda, ulardan 80 nafarida klinik pnevmoniya belgilari mavjud.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 100 bemor davolanmoqda, 34 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 4 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.

Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 76 bemordan 2 nafarining ahvoli og‘ir.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida davolanayotgan 138 bemordan 46 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 4 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir, deb baholanyapti.

Hozirgi vaqtga kelib, 92 ming fuqaro karantin muddatini statsionar va uy sharoitida o‘tayapti, dedi Nurmat Otabekov.

Ma’lumot uchun, koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni hozirda 357 kishini tashkil etmoqda. Olti kishi hayotdan ko‘z yumgan.