AQSH prezidenti Donald Tramp Amerika fuqarolarining ish joylarini saqlab qolish maqsadida mamlakatga immigratsiyani to‘xtatish to‘g‘risidagi farmonni imzolashni mo‘ljallamoqda. Bu haqda Tramp o‘zining Tvitter sahifasida ma’lum qildi.

«Ko‘rinmas dushmanning hujumi va fuqarolarimizning ish joylarini himoya qilish zarurati sababli men AQSHga immigratsiyani vaqtincha to‘xtatib turish to‘g‘risida ijroiya buyrug‘ini imzolayman», — deb yozdi u Tvitter sahifasida.

Oq uy mazkur qaror sabablari, vaqti yoki qonuniy asoslari haqida qo‘shimcha ma’lumot berishdan bosh tortdi.

«Ushbu pandemiya tugashi bilan bizning ishchi kuchimiz imkoniyatlarini himoya qilish mantiqqa to‘g‘ri keladi. Gap aslida immigratsiya haqida emas. Bu mamlakatimizni xavfsiz saqlash, ishsiz amerikaliklar uchun imkoniyatlarni himoya qilish haqidadir», — dedi Trampning AQSH immigratsiya va bojxona nazorati bo‘yicha sobiq direktor vazifasini bajaruvchi Tomas Xoman.

O‘z o‘rnida, Tramp AQSH ishchilarini himoya qilish uchun harakat qilayotganini aytdi. Prezident milliy favqulodda holat e’lon qilganidan beri 22 milliondan ortiq amerikaliklar ishsizlik uchun yordam so‘rab murojaat qildi.

The New York Times nashrining keltirishicha, bunday ijro etuvchi buyruqqa binoan Tramp ma’muriyati chet elliklarning AQSHda yashash va ishlash uchun belgilangan vaqt davomida biron bir arizasini ma’qullamasligi va qonuniy immigratsiya tizimini samarali ravishda yopib qo‘yishga zamin yaratishi mumkin.

Ma’lumot uchun, 2016 yilga nisbatan 2019 yili AQSHga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lgan chet elliklarga berilgan vizalar soni qariyb 25 foizga, ya’ni 617 752 tadan 462 422 тага kamaygan.

Eslatib o‘tamiz, AQSHdagi Jons Xopkins universitetining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda eng ko‘p koronavirus bemorlari AQSHda qayd etilgan bo‘lib, 4 milliondan ortiq test olingan aholidan 787 ming nafari ushbu infeksiya bilan zararlangan. Shu kunga qadar 73 527 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, 42 364 nafari vafot etgan.