Oliy Majlis Senatida O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan hamkorlik istiqbollarini va uning mamlakat milliy manfaatlariga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etildi.

Senat matbuot xizmatining xabar qilishicha, ishchi guruhi ushbu masaladagi hukumat takliflari va boshqa materiallarni o‘rganib, ular muhokamasini tashkil etadi hamda o‘z xulosalarini tayyorlaydi.

Bunda YeOIIga a’zo davlatlar tajribasi, yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, hududiy klasterlar, sanoat va savdo zonalarini tashkil etish, hududlararo hamkorlikni yanada kengaytirishi, erkin savdo rejimining amaliyoti kabi qator istiqbolli imkoniyatlar batafsil va atroflicha taxlildan o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.

Xuddi shunday guruh Qonunchilik palatasida ham tashkil etilgan edi.

O‘zbekistonning kuzatuvchi davlat sifatida YeOII bilan hamkorligi to‘g‘risidagi takliflar mart oyi boshida hukumat tomonidan ishlab chiqilgan edi. Endilikda ular parlament palatalari tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak.

Ma’lumot uchun, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) sobiq ittifoq hududidagi integratsiya loyihalaridan biri bo‘lib, 1995 yilda Rossiya va Belorus o‘rtasida imzolangan «Bojxona ittifoqi to‘g‘risida"gi bitim asosida tashkil etilgan. Mazkur ittifoqqa keyinchalik Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Armaniston ham qo‘shilgan.

Avvalroq YeOIIning doimiy faoliyat yurituvchi milliy boshqaruv va tartibga soluvchi organ hisoblangan yangi turdagi koronavirus pandemiyasi sababli 30 iyungacha ittifoqdan qator mahsulotlar, shu jumladan grechka, guruch, javdar, piyoz va kungaboqar urug‘larini olib chiqishni taqiqlagani xabar qilingan edi.