O‘zbekistonda karantin davrida 120 mingdan ziyod kam ta’minlangan oilalarga nafaqalar tayinlanadi (hozirda 600 mingta), deya ma’lum qildi prezident Shavkat Mirziyoyev 3 aprel kuni koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida.

Bundan tashqari, karantin davrida yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga 18 turdagi asosiy oziq-ovqat va gigiyena tovarlari bepul yetkazib beriladi.

Davlat rahbari karantin davrida uy sharoitida rivojlantirish mumkin bo‘lgan faoliyat turlari yanada qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.

Misol sifatida mamlakatda 28 mingdan ziyod hunarmand faoliyat ko‘rsatayotgani, ularga o‘tgan yili 50 million dollar mablag‘ ajratilgani hamda 12,5 mingta loyiha doirasida hunarmandlar 75 mingdan ortiq yangi shogirdlarni tayyorlagani ma’lum qilindi.

«Ushbu soha uchun bu yil yana 50 million dollar mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Yaratilayotgan bunday shart-sharoitlar hunarmandlar uchun katta imkoniyatdir. Hurmatli hunarmandlar! Sizlarning mehnatingiz, yangi-yangi tashabbuslaringiz hozirgi vaqtda aholi bandligini ta’minlashga, albatta, munosib hissa qo‘shadi», — dedi davlat rahbari.

Prezident tadbirkorlar, hunarmand va fermerlar, korxonalar rahbarlari berilgan bu imtiyozlardan samarali foydalanishlari kerakligi, eng asosiysi, joylarda nostandart yechimlarni izlab, ishlab chiqarish hajmlari va ish joylarini saqlab qolish, korxonalar faoliyatini davom ettirish zarurligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning navbatdagi farmoniga binoan, mart-iyun oylarida muddati tugaydigan bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishlash nafaqasi va moddiy yordamlarni to‘lash uchun qo‘shimcha murojaat va hujjatlar talab etilmaydi. Ular avtomatik tarzda 6 oydan 1 yilgacha uzaytiriladi.