4 mart kuni Andijon viloyatidagi ikki tumanda lavozimiy o‘zgarish yuz berdi. Xususan, Bo‘ston tumaniga Sadbarxon Ne’matjonova Mamitova hokim etib tayinlandi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Shu paytga qadar, u «Yuksalish» umummilliy harakati Andijon viloyati hududiy bo‘limi rahbari sifatida ishlab kelayotgandi. Sadbar Mamitova Namangan qishloq xo‘jaligi texnikumi (1982−1986 yillar) hamda Toshkent davlat agrar universiteti (1993 yil) bitiruvchisi sanaladi.

Bo‘ston tuman hokimi lavozimida ishlagan Inomjon Solijonovich Mamadaliyev esa Asaka tumaniga hokim etib tayinlanishi kutilmoqda, deyiladi manba xabarida.

Shu paytga qadar, Asaka tumaniga rahbarlik qilib kelgan Erkin Yaqubov ishdan olingan. Asaka tuman hokimining lavozimdan olinishi sabablari oshkor etilmagan.