Kanadaning SkyPower Global kompaniyasi asoschisi va bosh ijrochi direktori Kerri Adler «Amerika ovozi»ga bergan intervyusida kompaniya O‘zbekistonda qanday qiyinchiliklarga duch kelgani va nima uchun quyosh energetikasi bo‘yicha loyihalar haligacha ishga tushirilmaganini so‘zlab berdi.

«O‘zbekenergo» va SkyPower Global kompaniyalari o‘rtasida elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolash prezidentning 2018 yil 28 apreldagi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan. Kanada kompaniyasi O‘zbekistonda umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan fotoelektr quyosh energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha ob’ektlar qurilishiga 1,3 mlrd dollar sarmoya kiritishni rejalashtirgan edi.

SkyPower Global kelgusida o‘zi egalik qilib, foydalanuvchi ob’ektlarni loyihalashtirish va qurish ishlarini moliyalashtirishi ko‘zda tutilgan. Kelishuv muddatlari davomida kompaniya va uning hududlardagi sho‘’balariga korxonalariga soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etilishi lozim edi.

Qarorda «O‘zbekenergo» yetkazib berilgan elekr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshira olmagan taqdirda, qarzdorlik Moliya vazirligi kafolati ostida davlat byudjetidan qoplanishi belgilangan.

Kerri Adler intervyuda prezident Mirziyoyev Moliya vazirligiga 2018 yilda topshiriq berganiga qaramasdan, vazirlik haligacha kompaniyaga to‘lov kafolati bermaganini ma’lum qildi. Shartnomaga ko‘ra, SkyPower Global ishlab chiqargan tokning kilovati uchun «O‘zbekenergo» 6 sent to‘lashi kerak. Agar to‘lovni amalga oshirolmasa, davlat buni qoplashi shart. Solishtirish uchun: oktyabrda BAAning Masdar kompaniyasi Navoiyda fotoelektr stansiyasi qurilishi uchun tenderda 1 kVt quyosh energiyasi uchun 2,679 sent taklif qilgan holda g‘olib chiqqan (tenderda eng qimmat taklif Total Eren tomonidan ilgari surilgan — 4,273 sent).

U kredit reytingi past bo‘lgani bois kafolatsiz nafaqat SkyPower Global, balki boshqa hech kim O‘zbekistonda biznes yurita olmasligini ta’kidlab o‘tdi.

Kelishuv tarixi

Foto: AmerikaOvozi.com.

Kerri Adler SkyPower Global kompaniyasiga Kanadada asos solinganiga qaramasdan, asosiy aksionerlari amerikaliklar bo‘lgani uchun Kanada-Amerika kompaniyasi hisoblanishini ta’kidlab o‘tdi.

Uning aytishicha, hammasi 2017 yilda prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHga BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etish uchun kelishi bilan boshlangan.

Investor O‘zbekiston elchixonasi va Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi tomonidan tashkil etilgan tantanali tushlikka taklif qilingan. Ushbu uchrashuvda AQSH Tijorat vazirligi va xalqaro kompaniyalarning rahbarlari ham taklif qilingan.

Prezident unga murojaat qilib, O‘zbekiston hukumati o‘z izlanishlariga asoslanib, dunyo bo‘ylab energetika ta’minotchilarini o‘rganib chiqqani va SkyPower Global kompaniyasiga ishonch bildirgan holda O‘zbekistonda quyosh energiyasi sanoatini rivojlantirishga qaror berganini ma’lum qilgan.

«Men ziyofatga taklif qilinganim uchungina borgan edim. Hatto [sarmoya kiritishga] maqsad ham yo‘q edi. O‘zbekistonni bilmas edik», — dedi u.

Kerri Adlerning tasdiqlashicha, Shavkat Mirziyoyev nafaqat investitsiya kiritishni, balki ikki hafta ichida takliflar va shartnoma bilan Toshkentga borishni taklif qilgan.

SkyPower Global rahbari tushlikda 10−11 ta yirik kompaniya, jumladan General Electric, yuridik firmalar va boshqa korxonalar qatnashganini ma’lum qildi.

«Prezident Mirziyoyev bizni mamlakatga yordam berishga ko‘ndira oldi, desam bo‘ladi. Undan eshitganlarim menda kuchli taassurot qoldirdi. Men BMT doirasida dunyo rahbarlari bilan azaldan ishlab kelaman, aynan muqobil energetika bobida. BMTning oldingi bosh kotibi Pan Gi Mun bilan yaqin edim va hozirgi bosh kotibning o‘rinbosari Amina Muhammad bilan hamkorlik kuchli. Lekin O‘zbekiston rahbariga qarab lol qoldim, dangal murojaati yoqdi», — dedi u.

Foto: AmerikaOvozi.com.

Sarmoyadorning qayd etishicha, u ikki haftadan keyin 15 kishilik jamoa bilan Toshkentga yetib keladi. Ungacha Deloitte konsalting kompaniyasi ular uchun O‘zbekiston imkoniyatlarini o‘rganib chiqadi. Oradan ikki kun o‘tib esa 1,3 mlrd dollarlik hujjat imzolanadi.

«Juda katta risk edi bizga. Lekin buni bir sabab bilan qildik. Men shu kungacha juda ko‘p davlatlarning rahbarlarini ko‘rdim. Anchasi bilan yaqinman, do‘stman. Ular orasida Mirziyoyev singari o‘z xohishini dangal va ishonch bilan tushuntira oladiganlar kam. Bu mamlakatga yordam kerak va buni ochiq tan olib, hamkorlikka chaqirish, taklif qilish. Biznes imkoniyat bor, islohotlarimiz orqali sharoit yaratamiz, deyish… Bizni ko‘ndirdi. 18 yildan beri muqobil energiya sohasidaman. Lekin kareramda hech qachon shunday qadam tashlamaganman. Mirziyoyev meni ko‘ndirdi. Oliyjanobligi va xarizmasi bilan menga u Kennedilarni eslatdi. O‘zini tutishi, muomalasi. Menga juda ma’qul bo‘ldi», — dedi u.

«Hozirgacha 10 million dollar sarfladik. Loyiha uchun yer topdik. Qurilish boshlash uchun zarur choralarni ko‘rdik. Global miqyosda tenderlar o‘tkazdik. Nimaiki qilishimiz kerak bo‘lsa, shug‘ullandik. Shartnomani imzolashga oylar ketdi. Uchrashuvlarga borar edik, lekin oxirgi momentda ularni bekor qilishar edi, xususan vazir va bosh vazir o‘rinbosarlari bilan ham. Kelishib qo‘yib, imzolash uchun uzoq kutdik. Bir narsaga urg‘u berib kelamiz: „SkyPover Global“ oshkora ishlaydi. Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qat’iy qarshimiz. Biz korrupsion ishlarga aslo bosh suqmaymiz. Hech qanday shartnoma uchun to‘lamaymiz. Sovg‘a-salom bermaymiz. Asossiz va’da ham bermaymiz», — deya davom ettirdi u.

«Ishga eskicha yondashuv»

Foto: AmerikaOvozi.com.

Kerri Adler O‘zbekistonda «eskicha usullarda» ishlaydigan odamlar borligini aytib o‘tdi.

«Lekin eskicha usullar bilan ishlaydiganlar bor. Biznesda ham shunday yo‘l tutishadi. Biz ular bilan ishlamaymiz va ishlashni ham xohlamaymiz. Birortasi oldimizga kelgani yo‘q. Agar shunday bo‘lganida darhol ochiqlagan bo‘lar edik, Transparency International kabi tashkilotlarga chiqardik. Biz bunday hollarga ko‘z yummaymiz, toqat ham qilmaymiz», — dedi u.

«Mirziyoyev chinakamiga islohotlar qilishga bel bog‘lagan. Biroq undan pastda ishlar chatoq. Qo‘rqinch hukmron. Odamlar noto‘g‘ri qadam tashlab qo‘yishim mumkin deya qo‘rqadi. Hech kim mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni xohlamaydi. Kichkina ishlarni ham qilishni xohlashmaydi… Bizga kerak bo‘lgan to‘lov kafolatini ham bera olishmayapti mana», — deydi ishbilarmon.

Foto: AmerikaOvozi.com.

Investorning qayd etishicha, u Moliya, Iqtisod, Investitsiyalar va Energetika vazirliklari bilan ishlagan. Lekin prezident u bilan ishlashni o‘sha vaqtdagi bosh vazir o‘rinbosari — moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga topshirgan.

SkyPower Global asoschisi O‘zbekiston tomoni kelishuvni imzolashni uzoq vaqt kechiktirib kelgani, biroq AQSH va Kanada hukumatlari aralashuvidan so‘ng hujjat imzolanganini ma’lum qildi. Biroq hozirgacha kompaniya kafolat ololgani yo‘q.

«Biz quyoshdan energiya olish bilangina cheklanmaymiz. Deloitte konsalting kompaniyasi bizga O‘zbekistonda yashil sanoat potensialini o‘rganib chiqib, u shakllansa, yalpi milliy daromad milliardlab dollarga o‘sishi, 30 ming odamni ish bilan ta’minlashi, mutaxassislar yetishtirishi, ularni va boshqaruvchilarni Garvard, MIT Sloan (Massachusets texnologiyalar instituti huzuridagi xalqaro biznes maktab — tahr.) singari nufuzli dargohlarda tayyorlash mumkinligini tahlil qilib bergan», — dedi u.

«O‘zbekiston o‘z so‘zida turishi kerak»

Prezident huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazining (markaz 2018 yil 8 yanvardan Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tasarrufida) xulosasi. Xulosada narxlar dunyodagi o‘rtacha narxlarga muvofiq ekani tasdig‘ini topgan. Foto: AmerikaOvozi.com.

Kerri Adler O‘zbekiston hukumatini o‘z majburiyatlarini bajarishga va hattoki yanada jozibador takliflar paydo bo‘lgan taqdirda ham o‘z so‘zida turishga chaqirdi. U AQSH elchisi Deniyel Rozenblyumning shartnomalar daxlsizligini ta’minlash zarurligi haqidagi so‘zlaridan iqtibos keltirdi.

«O‘zbekiston o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarishi kerak. Imzolagan shartnomalari amalga oshishi uchun zarur sharoit yaratilishi kerak. Biz bilan kelishilgan narx albatta 2018 yildagi bozorga qarab belgilangan. Kimdir bizdan arzon mahsulot taklif qilsa, bizning shartnomani uloqtirib boshqasiga keta olmaysiz. Bitim bu bitim. Tashqi sarmoyasiz davlat rivojlana olmaydi. So‘zingizda tursangiz, ishonch ortadi va katta-katta takliflar kela boshlaydi. Aks holda ishonch so‘nib, shubha va gumon ortadi. Prezident Mirziyoyev Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligini nazorat qila oladimi? Yoki bu hammasi xo‘jako‘rsingami?» — dedi u.

SkyPower Global rahbari majburiyatlarni bajarishdan voz kechishning oqibatlari borligidan ogohlantirdi.

«Chora ko‘rsak hozir shartnoma 1,8 milliard dollarga tushadi. O‘zbekiston Energetik Xartiyaga a’zo. Gaagaga borib, sudga shikoyat qilishimiz mumkin. Shartnoma shartlariga rioya qilinmayotganini isbotlash qiyin bo‘lmaydi. Lekin biz O‘zbekistondan qilmagan ishimiz uchun haq talab qilmaymiz. Biz janjallashishni xohlamaymiz. Prezident Mirziyoyevga 1200 betlik xat yo‘lladim. Unda hozirgacha boshdan kechirganlarimizni birma-bir bayon qilganmiz. Bizni qancha ovora qilishgani, sarson qilishgani haqida yozdik», — dedi u.

Kerri Adlerning fikricha, muammo Shavkat Mirziyoyevda emas. «Mening xulosam shuki, muammo Mirziyoyevda emas. Unga hurmatim baland, ishonchim so‘nmagan, lekin uning qo‘li ostidagilar biz singari investorlar uchun sharoit yaratmayapti. Biz nima qilaylik? Haqiqatdan ham shartnomalarga amal qilmoqchi emasmisiz? Prezident qarorining kuchi yo‘qmi? Kim bularga javob beradi? Biz hatto Ombudsmanga bordik», — deydi u.

SkyPower Global bir vazirlik bilan ikkinchisi o‘rtasida sarson qilinganini ta’kidlagan kompaniya rahbari kafolatsiz uning qo‘llari bog‘liq ekanini qayd etdi.

«Yerimiz bor. Tender aniq. Lekin kafolatsiz qo‘llarimiz bog‘langan. Kafolatsiz hech kim biz bilan ishlamaydi. Aksionerlarimiz ham uni talab qiladi, banklar ham. Hammaga shu hujjat kerak. Chunki biznesning asosiy sharti shu. Bu qog‘oz biznes uchun sug‘urta. Hukumatlar o‘zgarsa, siz bilan savdo qiladigan tomon mahsulot uchun to‘lay olmay qolsa, pul davlat hisobidan olinadi. O‘zbekistondek bu borada yangi bir sistema bilan ishlash nozik harakat», — dedi investor.

Kerri Adler bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Suxrob Xolmurodov SkyPower Global faoliyatiga to‘sqinliklar qilishga uringanini ma’lum qildi. Bunda uning nima sababdan ishdan bo‘shatilganini bilmaydi, biroq muammo haligacha hal etilgani yo‘q.

«Ikki yo‘l bor. Biri sudlashish, lekin biz bu yo‘ldan borishni aslo xohlamaymiz. Yaxshiyam, mening boshqaruv kengashim bu borada meni tergamayapti, aksincha, sabr qilayapmiz. O‘zbekistonga mehrim baland. Biz O‘zbekiston bilan ishlashni istaymiz va loyihamizni amalga oshirishga bel bog‘laganmiz. Shartnomalar buzilmasa, ularga bosh egsak, mamlakat uchun ajoyib natijalar bo‘lishini isbotlashni xohlaymiz. Biz birinchimiz va muvaffaqiyat qozonishni istaymiz. Bizga qarab, boshqalar keladi. Yaqinda tenderda 23 kompaniya qatnashibdi. Demak, umid so‘nmagan. Lekin ishonchni oqlash kerak», — dedi u.

«Ishonchni sotib ololmaysiz. Tepadagi odam menga ishon desa-yu, pastdagilar uning aytganiga qarshi ish tutsa, hech kim kelmaydi. Prezident Mirziyoyev, nazarimda, buni biladi. Men unga ishonganman», — deya davom ettirdi ishbilarmon.

Kompaniya haligacha rasmiy izoh olgani yo‘q. «Amerika ovozi» manbalari ma’lumotlariga ko‘ra, buning ikki sababi bo‘lishi mumkin:

  • boshqa arzonroq muqobillar mavjud bo‘lgan sharoitda SkyPower Global 6 senttdan yetkazib beradigan quyosh energiyasi qimmatlik qiladi;
  • investorning kafolat to‘g‘risidagi talabi O‘zbekiston qonunchiligiga zid.

«Gazeta.uz» 29 fevral kuni Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligiga so‘rov yubordi, biroq hozircha izoh olgani yo‘q.

Intervyu videoyozuvi