Daraxt kesishga moratoriy e’lon qilinganiga qaramasdan Toshkentning Yakkasaroy tumanida 81 tup daraxtning kesib tashlangani bilan bog‘liq hodisa ijobiy yakun topdi. Tashabbuskor fuqarolar sa’y-harakatlari va OAVda keng yoritilishi natijasida hodisaga shahar va mamlakat rahbariyati diqqat qaratdi. Daraxtlar kesilgan joyda tun bo‘yi va yakshanba kuni katta miqdordagi texnika va ishchilar jalb qilingan holda hududni tozalanib, yangi ko‘chatlar ekildi. Bu holat kelgusida daraxtlarning noqonuniy kesilishiga chek qo‘yadimi? Hukumat keyinchalik ham shu kabi holatlarga xuddi shunday munosabat bildiradimi? Bu masalalar hozircha so‘roq ostida.

Jinoyat ishi

Toshkent prokuraturasi Yakkasaroy tuman hokimiyati va Building And Supplies kompaniyasi mutasaddi shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini xabar qildi.

Foto: Toshkent Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi.

20 fevral kuni Yakkasaroy tumani, Yu.Rajabiy ko‘chasi 66/1, 66/2, 66/3, 66/4 hamda 72-uylar oralig‘ida jami 81 dona, jumladan 6 dona «qayrag‘och», 3 dona «zarang», 1 dona «akatsiya», 11 dona «aylantus», 24 dona «shumtol», 10 dona «safora», 3 dona «eman», 9 dona «brussonetiya» (qog‘oz daraxti), 14 dona «tut» daraxtlari kesilgan edi. Keyinroq tuman hokimiyati Building And Supplies kompaniyasiga 70 tup daraxt kesishga ruxsat bergani aniqlandi (sanasi ma’lum emas).

Foto: Toshkent IIBB matbuot xizmati.

Shahar prokuraturasining aniqlik kiritishicha, poytaxtning sobiq hokimi Rahmonbek Usmonovning 2018 yil 18 apreldagi qarori bilan yuqorida keltirilgan hududda Building And Supplies kompaniyasiga ko‘p qavatli uylar qurilishi uchun 0,5 gektar maydon ajratilgan. Building And Supplies kompaniyasi esa 2018 yilning 2 fevral kuni ustav fondi 7 mln so‘m bo‘lgan holda ro‘yxatga olingan. Muassis sifatida Abdurahim Qodirov keltirilgan.

Ushbu qaror shaharsozlik qoidalariga zid bo‘lgani uchun shaharning sobiq prokurori Sherzod Oblaqulov tomonidan 2018 yil 4 iyulda protest keltirilgan. Shahar hokimining 2018 yil 17 iyuldagi qaroriga ko‘ra, protest qanoatlantirilgan va qaror bekor qilingan.

Bu holatdan norozi bo‘lgan Building And Supplies hududiy ma’muriy sudga ariza bergan va Bektemir tumani ma’muriy sudining 2018 yil 12 noyabrdagi qarori bilan shahar hokimining qarori haqiqiy emas deb topilgan.

«Yunus Rajabiy» mahallasida yashovchi aholining shahar hokimi qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi Chilonzor tumani ma’muriy sudiga kiritgan arizasi, sud tomonidan 2019 yil 11 dekabrda rad qilingan. Ushbu sud qarori 2020 yil 27 yanvarda Toshkent shahar ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rilgan va o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Zarar

Toshkent prokuraturasi Building And Supplies tomonidan unga ajratilgan yer maydonidagi ko‘p yillik 81 ta daraxtlar qonunga zid ravishda kesilganligi oqibatida o‘simlik dunyosiga 630,4 mln so‘m moddiy zarar yetkazilganini tan oldi.

Toshkent IIBB matbuot xizmatining xabar qilishicha, daraxatlarni kesishga ruxsat bergan Yakkasaroy tuman hokimi o‘rinbosari Abduvosilxon Sattorovga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), Building And Supplies ta’sischisi Abdurahim Qodirovga nisbatan esa 198-modda 2- qismi (o‘rmon yoki boshqa dov-daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyat kodeksining 198-moddasi 4-bandiga binoan, moddiy zarar uch barobar qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va qamoq jazosi qo‘llanilmaydi. Dastlabki tergov davomida ikki ayblanuvchidan 1 milliard 891,3 million so‘m undirildi.

Ayblanuvchiga garov ehtiyot chorasi tayinlandi: Abduvosilxon Sattorov 53 million so‘m, Abrurahim Qodirov esa 55,7 million so‘m.

Toshkent prokuraturasi tergovni davom ettirmoqda.

Ishdan bo‘shatish va xayfsan

Toshkent IIBBning qo‘shimcha qilishicha, ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning buyrug‘iga binoan Yakkasaroy tumani IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik X.Xaydarov, shuningdek, IIB hududiy bo‘lim boshlig‘i X. O‘rinboyevga xafsan berildi va Yunus Rajabiy nomidagi mahalla profilaktika inspektori S. Safarov lavozimidan ozod qilindi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston bosh prokurori o‘z buyrug‘i bilan Yakkasaroy tuman prokurori N. Allaberganovga nisbatan xayfsan e’lon qilindi.

Yangi bog‘23 fevralga o‘tar kechasi Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari hududni tozalash va yangi ko‘chatlarni ekishni boshladi. Yakshanba kuni 16:00 holatiga ko‘ra, yashil daraxtlarni qayta tiklash jarayoni davom ettirilmoqda.

Toshkent hokimligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, daraxtzor o‘rnida «Yashil bog‘» barpo etiladi va 37 tup kashtan, 39 tup chinor, 37 tup sharsimon akatsiya (boshqa nomi Robiniya Umbrakulifera) va 37 tup pushti daraxtlar o‘tqaziladi. Barcha ko‘chatlarning balandligi 3,5−4 m.

Yakkasaroy tuman hokimiyati Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i bog‘ hududida bolalar maydonchasi va sayr zonasi tashkil etilishini qayd etib o‘tdi. Bog‘ barpo etish ishlariga 25 dona texnika va 300 dan ortiq xodim jalb qilingan.

O‘tgan yilning 30 oktyabridagi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kiritilmagan qimmatli daraxt va butalarni kesishga 2020 yil 31 dekabriga qadar moratoriy e’lon qilingan edi. Ushbu davr mobaynida qimmatli daraxt va butalarni kesishga ruxsatnoma berilishi taqiqlangan.