Joriy yilning 23 yanvar kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligida Germaniyaning DEG investitsiya korporatsiyasi hamda «Kafolat» AJ vakillari hamkorligida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Korporatsiya vakillari o‘zbek sug‘urta kompaniyasidagi davlat ulushini sotib olishga qiziqish bildirgan.

Agentlik axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv davomida tomonlarning o‘zaro tanishuvidan so‘ng, DEG menejeri Pritesh Modi korporatsiya Germaniya Taraqqiyot korporatsiyasining tarkibiy qismi ekanligini ta’kidlagan.

Foto: Davlat aktivlarini boshqarish agentligi axborot xizmati

U asosan rivojlanib borayotgan davlatlarning moliya bozoriga, xususan sug‘urta bozoridagi yetakchi kompaniyalar ustav kapitalida portfel investor sifatida ishtirok etib, ushbu sug‘urta kompaniyalari rivojiga hissa qo‘shib kelayotganligini bildirgan.

Agentlik vakillari tomonidan «Kafolat» AJдаги davlat ulushi sotilishining joriy holati hamda jamiyat haqida batafsil ma’lumot korporatsiya vakillariga ma’lum qilingan. Avvalroq, kompaniyadagi 25 foiz davlat ulushi qariyb 22 milliard 550 million so‘mga baholanib, birja savdosiga chiqarilgandi. Muvaffaqiyatli o‘tmagan birja savdosidan so‘ng, taklif bekor qilingan. Endilik kompaniyadagi davlatning 66 foiz ulushi birja savdosiga chiqarilishi kutilmoqda.

2019 yil 2 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilingandi. Shundan so‘ng, 2021 yildan joriy etilishi rejalashtirilgan majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risidagi qonun loyihasi taqdim qilindi.

Ma’lumot uchun, «Kafolat sug‘urta kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyati 1997 yil 14 martda tashkil topgan. 2019 yilning 1 iyul holatiga kompaniyaning hududiy tarmog‘iga 220ta bo‘linma kirib, u 15ta filiallar, 60ta bo‘limlar va 145ta sug‘urta markazlarini o‘z ichiga oladi.