Bahorgi bayramlar arafasida poytaxtda umumiy tozalash ishlari o‘tkaziladi. 10 yanvar kuni shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev boshqa shahar tuzilmalari rahbarlari ishtirokida «Foydali Toshkent» aksiyasini boshlab berdi.

Aksiya Chilonzor va Uchtepa tumanlarida boshlandi. Loyihada Toshkent halqa yo‘li ichida joylashgan ko‘p qavatli binolar, qabristonlar va kanallarni o‘z ichiga olgan mavzelar hududlarini qamrab olish rejalashtirilgan.

Shahar hokimining uy-joy kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonqulovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu joylar uzoq vaqt qarovsiz qolgan. Avvalo, ular tushgan barglar, novdalar, maishiy va qurilish chiqindilaridan tozalanadi.

Aksiya bilan barcha aholi zich joylashgan hududlarni qamrab olish rejalashtirilmoqda. Xususiy inshootlar hududlarida hududiy obodonlashtirish bo‘limlari kuchlari tashlanadi.

Hokimlik kelajakda poytaxtning tozaligi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va aholi kuchlari bilan ta’minlanishiga umid bildirmoqda. Aksiyaning maqsadi fuqarolarda butun shahar tozaligiga ongli yondashishni shakllantirishdan iborat, dedi Baxtiyor Rahmonqulov.

«Biz har bir toshkentlik, har bir fuqaro o‘zini foydali Toshkentda yashayotganidan g‘ururlanishiga erishishimiz kerak. Shaharda yashayotgan har kim yerga axlat tashlab, ko‘chalarni bulg‘ashdan uyaladigan kun kelishi uchun harakat qilishimiz kerak», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev aksiyani ishga tushirish vaqtida.

Bu ishlarga Toshkent obodonlashtirish bosh boshqarmasi tomonidan qo‘shimcha ravishda yollangan 1000 nafar yollanma ishchi jalb etildi. Ular turar-joy massivlarini manzilli obodonlashtirish bilan shug‘ullanadigan 30 guruhga bo‘lingan. Ishchilar kuniga ikki marta ovqat bilan ta’minlanadi. Guruhlarga shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari jalb qilinadi.

Toshkent hokimi daraxtlarni kesish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. U shahar obodonlashtirish boshqarmasi xodimlaridan poytaxt Ekologiya boshqarmasi mutaxassisi bilan maslahatlashgandan keyingina daraxtlarga dekorativ va sanitariya ishlovlarini berishga kirishishni so‘radi.

«Iltimos — bitta ham daraxt kesilishiga yo‘l qo‘ymang… Daraxtlarni kesish jinoyatdir. Agar kerak bo‘lsa, bu jinoiy javobgarlikka olib kelishi mumkin… Ushbu aksiya davomida biz bu tuman hududiga 10 mingdan ortiq daraxt ekamiz. Har bir tumanda daraxtlar sonini ko‘paytiramiz. Ammo daraxtlarni kesishga hech kimning haqqi yo‘q», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Bundan tashqari, mavzelar ichidagi buzilgan o‘yin maydonchalari ta’mirlanib, yo‘l va ko‘chalardagi chuqurlar yamaladi.

«Oddiy qilib aytganda, bu umumiy tozalik. Uyda umumiy tozalashni amalga oshirganimizda, devor qog‘ozi va pollarni o‘zgartirmaymiz-ku. Bu ta’mirlash ishlari emas, balki umumiy tozalik. Biroq qayerda asfalt yotqizish kerak bo‘lsa, biz tartibga keltiramiz», — dedi Baxtiyor Rahmonqulov.

Hokimiyatdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, shahar hokimi bir yilda uch marotaba shunday aksiya o‘tkazishni rejalashtirgan.