O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 9 dekabrdagi qarori bilan davlat xususiy sherikchilik shartlari asosida pulli avtomobil yo‘llarini tashkil etish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

Hujjatda qayd etilishicha, Qamchiq (Toshkent va Namangan viloyatlari) va Taxtaqoracha (Qashqadaryo) dovonlarida ikkita yangi pulli tunel hamda uchta pulli avtoyo‘l — Sirdaryo va Baxt shaharlarini aylanib o‘tishda (Sirdaryo viloyati) hamda Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon yo‘llarini qurish rejalashtirilmoqda.

«Yo‘l xaritasi»da Jahon banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillarini maslahatchi sifatida jalb qilish ko‘zda tutilgan. 2020−2021 yillarda loyihaning maqsadga muvofiqligini o‘rganish, texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar va loyiha konsepsiyasini ishlab chiqish va ularni tasdiqlash belgilangan. 2021 yilning aprelidan 2022 yil martiga qadar tenderlar o‘tkazish va ular g‘oliblari bilan kelishuvlar imzolash kutilmoqda.

O‘zbekistonda birinchi pulli avtoyo‘l qurilishi haqidagi rejalar 2018 yilning sentyabrida tilga olingan edi. Turkiyaning Cengiz-Kolin-Kalyon kompaniyalari konsorsiumi bilan investitsion bitim imzolandi. Qurilish ishlari 2019−2020 yillarda amalga oshirilishi lozim edi. O‘tgan yilning iyulidagi prezident qarorida esa pulli avtoyo‘llar qurish loyihalari bo‘yicha sherik sifatida Germaniyaning GP Günter Papenburg kompaniyasi tilga olindi.

Dekabr boshida bosh vazir o‘rinbosari Elyor G‘aniyev Toshkent-Samarqand pulli yo‘li qurilishi loyihasi chet ellik investor tomonidan loyihaga kiritilgan yo‘l haqi miqdorining baland ekani sababli to‘xtatilganini ma’lum qildi.