28 noyabr kuni O‘zbekiston QK Akademiyasida «Turkiya Kurolli Kuchlarini zamonaviy harbiy mojarolarda, Afg‘oniston va Yaqin Sharqda yuzaga kelayotgan vaziyat sharoitida qo‘llash tajribasi» mavzusida halqaro harbiy-ilmiy anjuman o‘tkazildi, deya xabar qildi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Unda har ikki mamlakat Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi, Turkiya Milliy mudofaa universiteti vakillari, professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Turkiya bilan ikki tomonlama hamkorlik rejasiga muvofiq tashkil etilgan ushbu tadbirning asosiy maqsadi zamonaviy harbiy mojarolarning hususiyatlari bo‘yicha ma’lumot va fikr almashish uchun maydon yaratish, ularda Qurolli Kuchlar bo‘linmalarini Turkiya armiyasi misolida qo‘llash tajribasini o‘rganishdan iborat.

Anjumanda dunyoda va mintaqada yuzaga kelayotgan harbiy-siyosiy vaziyat, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik hamda zamonaviy harbiy mojarolarda Turkiya Qurolli Kuchlarini qo‘llash tajribasi, harbiy mashg‘ulotlar mobaynida qo‘shinlarni boshqarish, ularning har tomonlama ta’minoti va jangovar tayyorgarlik tizimini takomillashtirishga doir ma’ruzalar yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Shuningdek, Turkiya vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazildi, unda ikki mamlakat oliy harbiy ta’lim muassasalari bilan harbiy kadrlarni tayyorlash va pedagogik faoliyat bo‘yicha tajriba almashish masalalari bo‘yicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Yalpi majlisdan so‘ng kunning ikkinchi yarmida anjuman ishi uchta mavzuviy sho‘’baga bo‘lingan holda davom etdi. Anjuman ishtirokchilari harbiy boshqaruv tizimi va ularning jangovar harakatlardagi ta’minotini tashkillashtirish bo‘yicha tajriba almashib, yangi bilimlarga ega bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, oktyabrda Turkiya Suriya shimolida «Tinchlik bulog‘i» operatsiyasini boshlagan edi. Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an operatsiyadan ko‘zlangan maqsad — «respublika chegaralari bo‘ylab yaratishga harakat qilinayotgan terroristik yo‘lakni yo‘q qilish hamda mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash»dan iborat ekanini ma’lum qilgan edi. Operatsiya kurdlarning «O‘z-o‘zini mudofaa qilish xalq kuchlari» pozitsiyalariga aviazarbalar berish bilan boshlandi.

Keyinroq AQSH bilan kelishuvlar asosida Turkiya kurdlar chegarada 30 kilometrlik hududdan o‘z harbiy tuzilmalarini olib chiqa olishlari uchun harbiy harakatlarni to‘xtatdi.