O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi xodimlarni boshlang‘ich tayyorlash va malaka oshirish markazlarining tinglovchilari paxta yig‘im-terimiga jalb etilishi haqidagi xabarlarni rad etdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuvda formadagi o‘nlab yosh xodimlar — markaz tingloqchilarining: «Paxtaga chiqmaymiz!» deb baqirayotgani tasvirlangan.

Video

Mover.uz orqali ko‘rish

Kadr ortidagi ovozda xodimlar bir oylik dastlabki tayyorlov kursiga jo‘natilgani, biroq ikki oy majburiy paxta terimiga olib ketilayotganini ma’lum qiladi. Shuningdek, ular maoshidan 800 ming so‘mdan ovqatlanish xarajatlari ushlab qolinayotgani, ularning barchasi oilali ekani ta’kidlanadi.

IIV mazkur videolavhalar o‘quv markazlariga joriy yilning 11 sentyabridan boshlab, bir oylik malaka oshirish o‘quv yig‘iniga kelgan ayrim tinglovchilar tomonidan tasvirga olinib, tarqatilganini xabar qildi.

«Ushbu qisqa muddatli o‘quv yig‘inlarida tahsil olayotgan tinglovchilarni paxta yig‘im-terimiga jalb etish bo‘yicha biron-bir topshiriq berilmagan, bugungi kunda barcha tinglovchilar bilan rejalashtirilgan o‘quv mashg‘ulotlari olib borilmoqda. Mashg‘ulotlar 11 oktyabrgacha davom etib, shundan so‘ng tinglovchilar tegishli viloyatlarga o‘z xizmat joylariga qaytarib yuboriladi», — deya ma’lum qildi IIV.

Vazirlikning aniqlik kiritishicha, tarqatilgan videolavhalarda tinglovchilar o‘quv maskanlari hududida ekanligi va paxta terimi bilan bog‘liq bo‘lgan hech qanday holatlar aks ettirilmaganligi ko‘rinib turibdi. Bundan tashqari, ushbu lavhalar ayrim tinglovchilarning asoslanmagan fikrlariga ko‘ra atayin tayyorlanib, ichki ishlar organlarini obro‘sizlantirish, xodimlar sha’niga putur yetkazish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilganini anglash qiyin emas, deyiladi bayonotda.

Ayni paytda o‘quv markazlarida yuqorida qayd etilgan holatlar bo‘yicha ichki surishtiruv ishlari o‘tkazilmoqda, deya xabar qildi IIV.

«Ichki ishlar organlari xodimlari uchun har qanday holatda o‘z qasamyodiga sodiq qolgan holda, eng avvalo, el-yurt ravnaqi yo‘lida xizmat qilish oliy burch hisoblanadi», — deyiladi xabarda.

Ayni paytning o‘zida, bayonotda qayd etilishicha, bugungi kunda ichki ishlar organlari xodimlari boshqa tadbirlar qatorida paxta yig‘im-terim mavsumida jamoat tartibini saqlash, paxta hosilining nes-nobud bo‘lishi va talon-toroj qilinishining oldini olish, terimga jalb etilgan hasharchilarni tashish vaqtida xavfsizlikni ta’minlash va boshqa ommaviy tadbirlarda amaldagi nizom va buyruqlar asosida faol ishtirok etmoqdalar.