Rossiyaning “Rosatom” korporatsiyasi 2020-yil boshidan O‘zbekistondagi atom elektr stansiyasi qurilish maydonchasidagi ishlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda, deya ma’lum qildi korporatsiya bosh direktori Aleksey Lixachyov. U 3-sentyabr kuni O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi yadro fizikasi instituti bazasida “Moskva muhandislik-fizika instituti” Milliy yadro tadqiqotlari universitetining Toshkent filiali ochilish marosimida ishtirok etdi.

“Bizning asosiy vazifamiz — ham moliyalashtirish bo‘yicha, ham loyihani amalga oshirish bosqichlari bo‘yicha shartnoma va asosiy qo‘shma qarorlarga ega bo‘lgan holda kelgusi yil boshidan maydonchaga chiqishdan iboratdir”, — dedi Aleksey Lixachyov loyihaning amalga oshirish jarayoni to‘g‘risidagi savolga javob berar ekan.

“Rosatom” rahbari AES qurilishi to‘g‘risidagi bitim imzolangan vaqtdan buyon tomonlar bo‘lg‘usi stansiyaga oid muayyan hujjatlarda aks etishi lozim bo‘lgan barcha ma’lumotlar tayyorlanganini ham xabar qildi.

“Yil oxiriga qadar biz shartnomalarning yuqori darajasiga chiqishni rejalashtirmoqdamiz. Moliya vazirligi bilan kredit kelishuvlari doirasidagi moliyaviy masalalar bo‘yicha muloqotlar ham boshlandi”, — deya qo‘shimcha qildi Aleksey Lixachyov.

Joriy yil iyuni oxirida “Atomstroyeksport” (“Rosatom” tarkibiga kiradi) qurilish bo‘yicha muhandislik-qidiruv ishlarining ikkinchi bosqichiga kirishildi. Avvalroq “O‘zatom” bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiya va O‘zbekiston 2019-yil oxiriga qadar AES qurilishi bo‘yicha shartnomani imzolashi mumkinligini ma’lum qilgan edi. Stansiya qurilishini Rossiya hukumati kreditini jalb etgan holda 2022 yildan boshlash rejalashtirilmoqda.

Toshkentdagi “MIFI” filiali O‘zbekistonda birinchi AES qurilishi loyihasini amalga oshirish doirasida Rossiya va O‘zbekiston prezidentlari kelishuvi asosida tashkil etildi. 2019−2020-o‘quv yilida dastlabki 100 nafar talabaning qabuli iyul oyida yakuniga yetdi, bir o‘ringa tanlov 6−7 kishini tashkil etdi. Talabalar atom energetikasi sohasida to‘rtta muhandislik-texnik yo‘nalish bo‘yicha tahsil oladi.