Bugun Hindistonning Jaysalmer shahri markaziy stadionida «Armi-2019» xalqaro armiya o‘yinlari doirasida bo‘lib o‘tgan «Qo‘shin razvedkasi a’lochilari» musobaqasining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Tadbirda musobaqa ishtirokchilari bir necha nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.

O‘zbekiston Respublikasi jamoasining bir guruh razvedkachilari eng ilg‘orlar qatoridan joy olishdi.

«Eng yaxshi sapyor» nominatsiyasida kichik serjant Abdulhamid Madaminov g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, mayorlar Baxtiyor Rahimov, Anzor Meyliyev hamda serjant Azamat Karimov «Eng yaxshi murabbiy» deb tan olindi.

Shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi oddiy askarlar Xudoyberdi Alijonov «Eng yaxshi mexanik-haydovchi», Azamat Haydarov «Eng yaxshi razvedkachi-mergan», mayor Sardor Matmurodov «Eng yaxshi guruh komandiri» qatoridan joy oldi. Serjantlar Sardor Mamasoliyev «Eng yaxshi razvedkachi», Zuhriddin To‘laboyev «Eng yaxshi razvedkachi-aloqachi» nominatsiyasida faxrli o‘rinni egalladi.

G‘oliblarga musobaqa tashkilotchilari tomonidan yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, dunyoning yetakchi davlatlaridan sakkiztajamoa qatnashgan mazkur musobaqada o‘zbek razvedkachilari umumjamoa hisobida faxrli ikkinchi o‘rinni egallashdi.