Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston uchun eng katta xavf kadrlarning saviyasi, bilimi, ilmi va fidoyiligida ko‘rishini ma’lum qildi. Bu haqda davlat rahbari 14 avgust kuni birinchi yarim yillikda mamlakatni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi. «O‘zbekiston 24» telekanalining «Yangiliklar 24» dasturida tadbir to‘g‘risidagi telelavha namoyish etildi.

«Nima uchun bunchalik ko‘p qaror chiqayapti? Biz hammamiz izlanishdamiz, izlanish, izlanish va yana bir marta izlanish, — deya ta’kidladi davlat rahbari. — Mana shunday og‘ir sharoitda 33 yarim million aholini boqib, ularni rozi qilib, ertangi olgan katta-katta rejalarimizni amalga oshira olamizmi-yo‘qmi degan savol hammangizni qiynashi kerak. To‘rt yarim oy vaqt qoldi yil yakunlanishiga».

«Eng katta xavf nimada bizda, degan savol meni qiynaydi. Eng katta xavf — kadrlarning saviyasida, bilimida, ilmida va fidoyiligida. Ming afsus, eng og‘ir masala shu», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishdagi har kim o‘z vijdoni oldida hisob berishi kerakligini qayd etdi.

«Bugungi ish uslubimiz bizning bugungi darajamizga mutlaqo javob bermaydi. Agar sizlar o‘zgarmas ekansizlar, vaziyat o‘zgarmaydi. Bugun majlis emas, bugun vijdonimiz oldida hisobot. Shunga munosibmizmi-yo‘qmi? Imkoniyat o‘zimizning qo‘limizda. Biz shundan to‘g‘ri xulosa qilib foydalana olamizmi-yo‘qmi? Biz men aytgan shu suv yo‘qligi, gaz yo‘qligi, elektr yo‘qligi… alam qilmaydimi bizga? Yangi O‘zbekistonni tuzayapmiz, hamma sohalar bo‘yicha demokratik davlat nuqtai nazaridan oldimizda turgan katta sinovlar nuqtai nazaridan aqlimiz bilan, bilimimiz bilan, sadoqatimiz bilan odamlarni ishontira olamizmi-yo‘qmi?» — deya savol berdi mamlakat rahbari.

Prezident avval ham strategik sohalarning zamonaviy kadrlarga ehtiyoji haqida so‘zlagan edi. Mavjud mutaxassislarning katta qismi mamlakatdagi tuzilmaviy islohotlarga tayyor emasligi, ularning bilim, ko‘nikma va malakalari zamonaviy talablarga javob bermasligini ta’kidlagan edi u.