4 avgust kuni Markaziy harbiy okrugidagi «Forish» tog‘ poligonida V Xalqaro armiya o‘yinlari doirasi O‘zbekistonda ilk marotaba o‘tkazilayogan «Harbiy-tibbiy estafeta» tanlovining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirda bir qator jurnalistlar, blogerlar Mudofaa vazirligi matbuot xizmati taklifiga binoan ishtirok etdi. Ijodkorlar uchun alohida avtobus ajratilib, Toshkentdan Forishga borib kelishi ta’minlandi.

Tadbirda O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev hamda uning o‘rinbosarlari, okrug qo‘mondonlari, Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov, turli davlatlardan kelgan harbiy attashelar ishtirok etdi.

Bahodir Qurbonov birinchi bor O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan «Harbiy-tibbiy yestafeta» tanlovini ochib berdi va musobaqa ishtirokchilariga muvaffaqiyat tiladi:

«Avvalambor aziz mehmonlarimiz, harbiy-tibbiy yestafetasi qatnashchilarini bizning mehmondo‘st diyorimiz va serquyosh yurtimiz — O‘zbekistonda samimiy qutlamoqchiman. Bugun biz o‘z mahoratini, harbiy xizmatga zarur bo‘lgan yeng oliy sifatlarini: malaka, qat’iy xarakter, professionallik va intizom, uyg‘unlikda va aniq harakatlana olish hamda haqiqiy janogovar vaziyatda nafaqat muvaffaqiyat, balki birinchi navbatda insonlarning hayoti va sog‘ligini belgilovchi tezda qaror qabul qilish qobiliyatini namoyon etadigan harbiy-tibbiyot professionallari bellashuviga start bermoqdamiz.

Shubhasiz, barcha qatnashuvchilar munosib tarzda sinovlardan o‘tib, o‘zlarining yuqori professional mutaxassislar yekanliklarini yana bir bor tasdiqlaydilar".

Shundan so‘ng, Rossiya mudofaa vazirining o‘rinbosari Timur Ivanov so‘zga chiqib, Rossiya mudofaa vaziri armiya-generali Sergey Shoyguning tabrigini o‘qib eshittirdi.

Dastlab Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestri tomonidan ijro yetilgan harbiy qo‘shiqlardan iborat defile tantanali marosimni ochib berdi. Ko‘rgazmali chiqishlar va konsert dasturi namoyish etildi.

Joriy yilgi «ArMI-2019» musobaqalari rekord darajadagi ishtirokchilarni — 36 davlatdan 217 ta jamoaning 5 mingdan ziyod harbiylarini o‘z ichiga qamrab oldi. Debyutant mamlakatlar sifatida bu gal maydonlarda Iordaniya, Kambodja, Kongo va Mali respublikalari, Kuba va Shri-Lankadan kelgan harbiylar kuch sinashadi.

NATO mamlakatlari ham «ArMI» o‘yinlariga katta qiziqish bildirgan bo‘lib, joriy yilda AQSH, Fransiya, Turkiya va Slovakiya kabi davlatlar vakillari kuzatuvchi maqomida qatnashadi.

«ArMI — 2019» o‘yinlari jami 31 ta tanlovdan iborat bo‘lib, ulardan 16 tasi Rossiyada, to‘rttasi Xitoyda, uchtasi Qozog‘istonda, Belarus va Eronda ikkitadan hamda Armaniston, Ozarbayjon, Hindiston, Mo‘g‘uliston va O‘zbekistonda bittadan tanlovlar o‘tkaziladi.