Majburiy sug‘urta to‘g‘risidagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Hujjat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, muhokamalar 5-avgustga qadar davom etadi.

Qonun loyihasi konsepsiyasida qayd etilishicha, sog‘liqni saqlash sohasida smetali moliyalashtirish tizimi xalqaro amaliyotga mos kelmaydi, natijada ajratilgan mablag‘lar samarasiz foydalanilmoqda, soha surunkali ravishda yetarlicha moliyalashtirilayotgani yo‘q.

Kasalliklar profilaktikasi va ularni barvaqt aniqlash, patronaj hamda aholida sog‘lom hayot tarzini shakllantirish bo‘yicha ishlar samaradorligining pastligi, fuqarolarda o‘z salomatligini saqlash va qo‘llab-quvvatlash borasida mas’uliyatning yo‘qligi respublika tibbiyot markazlariga ixtisoslashgan tibbiy yordam so‘rab murojaat qiluvchi fuqarolar sonining ortishiga olib kelmoqda, deyiladi konsepsiyada.

Loyihaga ko‘ra, turli yordam shakllari uchun turlicha to‘lov usullarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Tibbiy sug‘urta mablag‘larini boshqarish uchun Majburiy tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etiladi. Uning rahbari prezident tomonidan tayinlanadi.

O‘zbekistonda 2021-yil yanvaridan bosqichma-bosqich majburiy tibbiy sug‘urtani joriy etish ishlari boshlanadi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 7-dekabrdagi farmonida ko‘zda tutilgan.