O‘zbekistonning Rigadagi (Latviya) elchixonasi OAVda e’lon qilingan 140 fuqaro qurilish texnikumining soxta hujjatlari bilan ishlab kelayotgani sababli Finlyandiyadan deportatsiya qilinishi to‘g‘risidagi xabarlarni tasdiqladi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Payshanba kuni Finlyandiyaning Yle telekanali mamlakat Migratsiya xizmati 140 nafar O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qilish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgani haqida xabar berdi. Bunga sabab — ular 1993 yilda faoliyatini tugatgan qurilish texnikumini tugatganlik to‘g‘risidagi diplomlarni taqdim etgan. Biroq diplomlar 1997 yildan 2016 yilgacha davr oralig‘ida berilgan. Ko‘plab sertifikatlarda bir xil ro‘yxat raqamlari yozilgan.

Deportatsiya to‘g‘risidagi qaror qishda qabul qilingan, o‘shanda ish beruvchilardan biri hukumatga soxta hujjatlar to‘g‘risida ma’lum qilgan.

Finlyandiyada o‘zbekistonliklar asosan qurilish sohasida mehnat qiladi. Deportatsiya Uusimaa hududida yangi turar joylash qurilishini qiyinlashtiradi, deya qayd etdi mamlakat Qurilish uyushmasi.

O‘zbekistonning Rigadagi elchixonasi batafsilroq ma’lumot olish uchun fin tomoni rasmiylari bilan aloqa o‘rnatgan.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, Finlyandiyada o‘tgan yili 800 nafardan ko‘proq O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib turgan.