«Ozodlik» Radiosi o‘zbek xizmati muxbiri Umid Bobomatov 4 iyun kuni Toshkentga uchib kelishi bilanoq O‘zbekistondan chiqarib yuborildi. Bu haqda uning o‘zi Facebook-sahifasida ma’lum qildi.

«Kecha, 4 iyun kuni Toshkentga uchib borishim bilan meni darhol, hech qanday tushuntirish, bayonnomalar, imzo va boshqa rasmiyatchiliklarsiz mamlakatdan chiqarib yuborishdi», — deb yozdi u.

Postga Umid Bobomatovga chiqarib yuborilishi vaqtida berilgan hujjat fotosurati ilova qilingan. Unda: «Hujjat egasiga O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishga ruxsat berilmadi», deb yozilgan.

Xuddi shu hujjatda jurnalistni Moskvadan Toshkentga olib kelgan aviatushuvchi — «O‘zbekiston havo yo‘llari» kompaniyasiga yo‘lovchini qaytarib olib borish tavsiya etilgan va shunday qilindi.

Shuningdek, hujjatda yo‘lovchi kelgan mamlakatda takroran tekshiruvdan o‘tkazilishi tavsiya etilgan. Jurnalistning qayd etishicha, Moskvaga qaytib borganidan so‘ng Federal xavfsizlik xizmati bilan suhbat bo‘lib o‘tgan.

Umid Bobomatov chiqarib yuborilishi sababi unga ma’lum emasligi, bu uning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Umid Bobomatov Rossiya fuqarosi bo‘lib, «Ozodlik"ning Moskvadagi muxbiri hisoblanadi. Bunga qadar u muntazam ravishda O‘zbekistonga kelib turgan.

May oyida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi «Ozodlik"ning ish uslubini tanqid qilib, uning muxbirlarini jurnalist etikasiga rioya qilmaslikdan ayblagan edi («Ozodlik» sayti O‘zbekistonda ochilmaydi).

«„Ozodlik“ tahririyatining noxolis va asosan ishonchsiz materiallarni nashr etishga qaratilgan bir yoqlama va yanglish siyosati jamoatchilik, umuman global auditoriyaning chalg‘ishiga sabab bo‘lib, bu vaziyat ko‘plab savollarni keltirib chiqarmoqda. Bundan tashqari, ijtimoiy va maishiy masalalarga qasddan siyosiy tus berish, aldov yo‘li bilan ma’lumot to‘plash hamda audioyozuvlarni soxtalashtirish holatlari hayratlanarlidir», — deb yozgan edi agentlik rahbari Komil Allamjonov.