Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning Jomboy tumanida sayyor qabul o‘tkazdi hamda 50 ta murojaat shu joyning o‘zida hal etildi. Bu haqda Zarnews.uz sayti xabar berildi.

— Prezident ta’biri bilan aytganda, xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilsagina, rivojlanamiz, hayotimiz farovon bo‘ladi, — dedi hokim. — Rahbarlarning pastga tushib ishlashi, odamlarning dardiga yuzaki qaramasligi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishlarni qilishga tayyormiz. Niyatimiz, xalq bizdan rozi bo‘lsin. Sayyor qabuldan ko‘zlangan maqsad ham aslida shu.

Sayyor qabulda prokuratura, IIB, boshqarmalar, korxona-tashkilotlar rahbarlari jalb etildi. Murojaatlar eshitilgach, shu joyning o‘zida mas’ullarga ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Shunday muammolar borki, ularni yolg‘iz o‘zing hal qilolmaysan. Kishiga bog‘liq bo‘lmagan muammolar ham yetarlicha bo‘ladi. Ba’zan oilangda kimningdir sog‘lig‘i uchun rahbariyatga arz qilsang, ba’zan mahalla-ko‘y, xalqning yanada farovon yashashi uchun murojaat qilishga majbursan. Aslida bunday murojaatlarda ma’ni, maqsad bor. Demak, arz eshituvchi ham bu kabi murojaatlardan qanoat hosil qiladi, muammoga yechim izlash payida bo‘ladi.

To‘rt muchasi sog‘lom yigit: …hovlimning devorini o‘rab bering, uyimni ta’mirlashda homiylik qiling.

Turmush o‘rtog‘i ham, o‘zi ham sog‘lom ayol: …menga uy kerak. Bolalarim ko‘p.

Hokim bunday murojaatchilar bilan murosa qilishni istamadi.

— Avvalo, Yaratgan oyoq-qo‘lingizni but qilib qo‘yibdimi, nega sizning hovlingizni kimdir borib o‘rab berishi kerak? — dedi Erkinjon Turdimov. — Nega ko‘changizdan o‘tgan ariqni qazib qo‘yishga yaramaysizu boshqalardan uyingizni ta’mirlab berishlarini so‘raysiz? Nega mehnat qilishdan qochasiz? Eng qo‘rqinchi odam — boqimanda odam. Bu toifalar na o‘ziga, na oilasiga, na jamiyatga naf keltiradi. Ishlashni istamaysizmi, aravangizni birovga torttirishga harakat qilmang. El qatori ishlang, birovdan yordam so‘rashga uyaling. Har doim mehnat qilgan — yaxshi yashaydi. Men shaxsan bunday murojaatlarni qanoatlantirmayman. Ishlayman desangiz, marhamat!

Sayyor qabulda jami 223 nafar fuqaro murojaat qildi. Murojaatlarning aksariyati ichki yo‘llarni ta’mirlash, uy-joy, kadastr, kommunal sohalardagi muammolardir. Qabul davomida davlat xizmatlari agentligi tomonidan ko‘chma avtobusda tezkor xizmatlar hamda tuman bandlik bo‘limi tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi. 50 ga yaqin murojaatlarga shu joyning o‘zida ijobiy yechim topildi.

Vaqt talab etiladigan murojaatlarga 31 mayga qadar bo‘lgan muddat bilan mas’ullar biriktirildi. 31 may kuni viloyat hokimligida murojaatlar ijrosi muhokama etilishi belgilandi.

Ma’lumot o‘rnida. Sayyor qabullar shu paytga qadar to‘qqizta shahar-tumanlarda o‘tkazilgan. Muloqotlar davomida 2358 nafar fuqarolardan 2705 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 1412 tasi ijobiy hal qilingan. 228 tasi rad etilgan. 710 tasiga tushuntirish berilgan, 355 tasi o‘rganish jarayonida.

Fuqarolar murojaati, muammosini tanasida his qilib ko‘rmagan 31 nafar rahbar javobgarlikka tortilgan.