«Ahmadboy» nomi bilan mashhur Ahmad TUrsunboyevga qarshi ikkinchi jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni yakuniga yetdi. Yakuniy sud majlisi 20 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudida bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga.

Ahmad Tursunboyev O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168 (firibgarlik), 228 (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 243-(jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

U 10 yil muddatdan ozodlikdan mahkum etildi, jazo umumiy tartibdagi koloniyada o‘taladi. 2018 yilning fevralida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi tomonidan tayinlangan jazo qo‘shilgan holda Ahmad Tursunboyevga 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish hamda 52,1 mln so‘m miqdoridagi EKIHning 400 baravari miqdoridagi jarima va 1 yil muddatga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etish jazolari tayinlandi.

Ish bo‘yicha yana 15 kishi sud qilinib, ularning barchasi 168 va 243-moddalarda ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda; 13 nafari 228-modda bo‘yicha aybdor deb topildi.

Olmos Qo‘chqorov, Izatilla Ibragimov, Murodjon Tursunboyev 12 yil muddatga, Oybek Tursunboyev — 9 yil, Azizjon Turdiyev — 8 yil, Sherzod Dushanov — 7,5 yil, Laziz Soliyev, Hasan Shernazarov, Shokirbek Irmatov, Enver Mamutov va Yunusali Jo‘rayev — 7 yil, Nurutdin Dadayev — 6,5 yil, Oybek Isoqov (Ahmad Tursunboyevning Chinoz avto hamkor trans va Chinoz halol chorva korxonalari huquqshunosi, O‘zbekiston Nogironlar uyushmasi raisi) — 6 yilga (shartli), Ergash Toshmatov va Nargiza Islamova — 5,5 yil (shartli) muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Ahmad Tursunboyev ishida jami 11925 nafar jabrlanuvchi bor.