Abdullayev Farxod Ravshanovich Toshkent shahar Uchtepa tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi, deya xabar qildi poytaxt ma’muriyati matbuot xizmati.

Farhod Abdullayev 35-Tuzel saylov okrugi deputati, kommunal xujalik va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha doimiy raisi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 2011−2018 yillarda «O‘zikkilamchiranglimetall» korxonasiga rahbarlik qilgan.

Tumanning avvalgi hokimi Shuhrat Otamuhamedov hamda tuman davlat soliq inspeksiyasi va IIO FMB boshliqlari 10 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida tumanni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilishdan so‘ng vazifasidan ozod qilingan edi.

2017 yildan Toshkent viloyati Angren tuman DSI boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Ashirmatov Rustam Maxmudjanovich Uchtepa tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i etib tayinlandi.

Uchtepa tumani bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga Axmedov Sayfullo Negmatovich nomzodi tasdiqlandi. U 2018−2019 yillarda Toshkent shahar IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari — giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

2018 yildan Samarqand viloyati prokurorining o‘rinbosari lavozimida ishlagan Azimov Jobir Odilovich Uchtepa tumani prokurori bo‘ldi.