Hyundai kompaniyasi 2023-yilgacha “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida seriyali avtomobil ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda, deya xabar qildi “O‘zbekiston 24” telekanalining “Yangiliklar 24” dasturi.

Ishlab chiqarish quvvati yiliga 10 ming dona elektromobil bo‘lgan zavod qurilishi 2021-yilda boshlanishi lozim. Umumiy quvvati 300 mln dollar bo‘lgan loyihada Janubiy Koreyaning Hyundai, Evergreen Motors (KIA va Hyundai kompaniyalarining MDHdagi rasmiy distribyutori) kompaniyalari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Farg‘ona viloyati hokimiyati ishtirok etmoqda.

Loyiha ishga tushirilishi natijasida 1000 ta yangi ish o‘rni tashkil etiladi.

Bu Hyundai kompaniyasining avtomobilsozlik sohasidagi yagona loyihasi emas. Kompaniya yuk ko‘tarish imkoniyati 1 dan 50 tonnagacha bo‘lgan yuk avtomobillar, shaharlararo va turistik avtobuslar, shuningdek maxsus transport vositalarini yig‘ishni ham yo‘lga qo‘yishni mo‘ljallamoqda.

Avvalroq Xitoyning Changan Automobile elektromobillar ishlab chiqaruvchisi O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirayotgan haqida xabar qilingan edi.