3 may kuni taxminan 14:30 da Toshkent halqa yo‘liga tutash ikkinchi darajali yo‘lda joylashgan «Chinni bozor» bekatida avtobus ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar qildi poytaxt IIBB matbuot xizmati.

147-yo‘nalishda harakatlanuvchi Mercedes-Benz (18- avtobus saroyi) avtobusi haydovchisi T. M. yo‘lovchilarni tushirayotgan vaqtda hozircha aniqlanmagan sababga ko‘ra transport vositasi o‘z-o‘zida oldinga harakatlanib ketadi.

Avtobus bekatda turgan ikki piyodani urib yuboradi. Taxminan 10 metrlar ilgarilagan avtobusning old o‘ng g‘ildiragi beton ariqqa kirib, to‘xtaydi.

14 yoshli S. G. Va 30−35 yoshlardagi hozircha shaxsi aniqlanmagan ayol hodisa joyida vafot etdi. Chilonzor tuman IIB jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi masalasini hal qiladi, YTH sabablari aniqlashtirilmoqda.