O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tashabbusi bilan may oyi O‘zbekistonda sport oyligi deb e’lon qilindi. Bugun MOQ qo‘l urgan ushbu yangi loyihaga start berildi. Oylik «Biz sog‘lom turmush tarafdorimiz» shiori ostida o‘tkaziladi.

Bunday sport oyligini e’lon qilish, avvalo, ommaviy sport bilan shug‘ullanuvchi qatlamni oshirish va har bir fuqaroni sog‘lom turmush tazriga jalb qilishdir. Tadbirda so‘zga chiqqan MOQ bosh kotibi Jasur Matchanov shu haqda fikr bildirdi.

Mazkur oylik murakkab sport turlarini qamrab olmagan. Unda asosan basketbol, futbol, voleybol, gandbol kabi o‘yin sport turlarini uchratish mumkin. Rejada maktabgacha ta’lim muassasalari, maktab va oliy o‘quv yurti vakillari uchun alohida dastur ishlab chiqilgan. Maktabgacha ta’lim va kichik yoshdagi o‘quvchilar uchun «Quvnoq startlar» sport o‘yini joriy qilingan.

Sport oyligi 31 mayga qadar davom etadi. Unda O‘zbekistonning barcha tuman va shaharlari bo‘yicha ko‘plab ommaviy musobaqalar tashkil qilish rejalashtirilgan bo‘lib, yakunda respublika bosqichi bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarni aniqlab olish rejalashtirilgan.