Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining biologik resurslaridan foydalanish yanada ratsionallashadi va qirg‘oqbo‘yi hududlarida infratuzilmalar rivojlantiriladi. Vazirlar Mahkamasi 22 aprel kuni bu haqdagi qarorni tasdiqladi, deya xabar berdi Norma.uz.

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi — Jizzax va Navoiy viloyatlari hududidagi oqmas ko‘llar bo‘lib, Qizilqum cho‘li sharqi, Chordara suv omboridan janubi-g‘arbda joylashgan Aydarko‘l, Tuzkon va Sharqiy Arnasoy ko‘llarini o‘z ichiga oladi.

Hujjat bilan hududni rivojlantirishning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilandi:

  • jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tabiatni muhofaza qilish va biologik resurslardan foydalanish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash;
  • ko‘llarning biologik xilma-xilligini saqlash, shuningdek suv havzalarida baliqlarning yangi turlarini parvarishlash va ularni baliq sanoatiga kiritish;
  • to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek baliqchilik klasterlarini yaratish hisobidan baliq yetishtirish, qayta ishlash, qadoqlash, saqlash va eksport qilishni rivojlantirishni tezlashtirish;
  • ko‘llar tizimini baliq urug‘chiligi materiallarini yetishtirish bo‘yicha hududdagi asosiy markazlardan biriga aylantirish;
  • havaskorlik va sport baliq ovlash turizmi, turizm infratuzilmalarini rivojlantirish, sayyohlik xizmatlari hajmini oshirish.

1 iyuldan boshlash ko‘llar tizimidagi erkin suv havzalari konturlari E-IJRO AUKSION elektron saydo maydonchasi orqali tanlov asosida ijaraga beriladi, 1 maydan esa, hujjatga ko‘ra, ijara shartnomasida ko‘zda tutilgan shartlarni bajarmagan tadbirkorlik sub’ektlari bilan tuzilgan ko‘llar tizimi uchastkalari ijarasi shartnomalari bekor qilinadi.

Har oyning birinchi shanbasida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi direksiyasi, mahalliy hokimiyatlar, mas’ul vazirlik va idoralar hamda baliqchilik xo‘jaliklari ko‘llar hududini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, shuningdek ular tubini chiqindilardan tozalash bo‘yicha ishlarni amalga oshirishlari lozim.

Baliq ovi mavsumi vaqtida har yakshanba kuni baliq va baliq mahsulotlari savdosi yarmarkalari tashkil etiladi.

Ko‘llar tizimi akvatoriyasida bir oy muddat ichida kunu tun ishlovchi davlat ekologik nazorati tashkil etiladi. 2019−2020 yillar davomida ular maxsus transportlar, katerlar, GPS-navigatorlar, videokamerali o‘ziucharlar va boshqa texnik vositalar bilan ta’minlanadi.

Uch oylik muddatda turizmni rivojlantirish uchun ajratiladigan ko‘llar tizimi hududi tasdiqlanadi. Ular haqdagi ma’lumotlar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi saytiga joylashtiriladi.

2019−2020 yillarda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hududiga eltuvchi yo‘llar bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilinib, ta’mirlanadi.