Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi chiqindilarni yuklash va utilizatsiya qilish davlat korxonasining chiqindilarni saralash liniyasiga 60 nafar muayyan yashash joyi bo‘lmagan shaxs ishga joylashtirildi. Bu haqda O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tashkil etgan press-tur vaqtida poytaxtdagi uchta qayta yuklash stansiyasi boshlig‘i Rafael Bekmulin ma’lum qildi.

Loyihaga Eco World kompaniyasi sarmoya kiritdi. «Saralash liniyasi — kompaniyaning Toshkent IIBB, Toshkent hokimiyati va Davlat ekologiya qo‘mitasi ko‘magida ishga tushirgan xususiy loyihasi. Dastlab masala nafaqat foyda olishda, balki ijtimoiy muammolarni hal qilishda ham turgan edi. Odamlarga pasport qilishmoqda, ular ish va oyiga 500−600 ming so‘mlik maosh bilan ta’minlanmoqda», — dedi Rafael Bekmulin.

Eco World kompaniyasi rahbari saralash liniyasi bir sutkada 100 tonna chiqindini o‘tkazish imkoniyatiga ega ekanini ma’lum qildi. Yil oxiriga qadar u boshqa qayta yuklash stansiyasiga ko‘chiriladi. Yakkasaroy korxonasida xitoylik hamkorlar ko‘magi bilan 600 tonnalik quvvatga ega yangi uchta liniya o‘rnatiladi.

Muayyan yashash joyi bo‘lmagan shaxslar turar joyida ikki qavatli karavotlar o‘rnatilgan umumiy xona, dush, oshxona va tibbiyot punkti mavjud. Bino gaz bilan isitiladi. Yaqin vaqtlarda kir yuvish mashinalari sotib olinadi. Saralash liniyasi quvvatlari oshishi bilan pavilon ustiga qo‘shimcha qavat quriladi.

«Biz Toshkentdagi qolgan ikkita stansiyada ham saralash liniyalarini o‘rnatish, qo‘shimcha 250−300 ta yangi ish o‘rinlarini ochishni rejalashtirmoqdamiz. Loyiha organik va qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash uchun uskunalar sotib olishni ko‘zda tutadi. Xavfli chiqindilarni utilizatsiya qilish korxonasi ochilishi bilan batareykalarni saralashni boshlaymiz. Yaqin ikki yilda elektrotexnika uskunalarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yamiz», — dedi Olimxon To‘raxonov.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil yozida Toshkent IIBB birinchi muayyan yashash joyi bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazini ochgan edi. Markaz ushbu toifaga mansub shaxslar manfaatlarini himoya qilish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ish bilan ta’minlash bilan shug‘ullanadi. Markaz ishga tushgandan buyon 3500 dan ortiq kishini qabul qildi.