Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Otabek Shukurov Xitoyning «Guanchjou Evergrand» klubidan unga jarohat yetkazgan hujumchi Vey Shixaoga tayinlangan jazoni yumshatishni so‘radi. Bu haqda futbolchi o‘zining Twitter`dagi sahifasida ma’lum qildi.

China Cup xalqaro musobaqasining uchinchi o‘rini uchun O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan o‘yinda Vey Shixao Otabek Shukurovga og‘ir tan jarohati yetkazdi. Keyingi tekshiruvlar uning to‘pig‘i singanini ko‘rsatdi. Keyingi kuni xitoylik hujumchi o‘zbekistonlik sportchini ko‘rishga bordi va unga o‘rindiq-aravacha hamda mevali savat sovg‘a qildi.

Hodisadan so‘ng Vey Shixao to‘p surayotgan «Guanchjou Evergrand» klubi uni bir oy muddatga o‘yinlardan chetlatdi. O‘yinchi bilan tuzilgan shartnoma ham bekor qilinishi mumkin.

Otabek Shukurov jarohat tufayli tushkunlikka tushib qolgan, biroq unga do‘stlari va muxlislarining ko‘magi yordam berayotganini aytib o‘tdi.

«So‘nggi ikki kun o‘zimni juda tushkun his etdim, chunki men mavsum oxiriga qadar jamoamdagi (BAAning „Sharja“ klubi o‘yinchisi — tahr.) do‘stlarimga yordam bera olmayman», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xitoylik futbolchining diskvalifikatsiya haqida eshitganida xafa bo‘lgan.

«Vey Shixao jazolanganini va u ham keyingi o‘yinlarda o‘z jamoasiga yordam bera olmasligini o‘qib, yana xafa bo‘ldim. Yosh futbolchi sifatida futbol o‘ynamaslikning qanday fojia ekanini juda yaxshi tushunaman. Vey Shixao kelib, kechirim so‘raganda uning uzrini qabul qildim», — dedi O‘zbekiston temasi yarim himoyachisi.

O‘yinchi «Guanchjou Evergrand» klubidan rasman Vey Shixaoga qo‘llanilgan chorani yengillatishni so‘radi.