Oliy Majlis Senati 18-yalpi majlisda O‘zbekiston va Rossiya harbiy-havo kemalarining ikki davlat havo hududlaridan foydalanishi to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Hujjat o‘tgan yilning 12 oktyabr kuni Toshkentda MDH Davlatlari mudofaa vazirlari kengashi yig‘ilishi doirasida ikki davlat mudofaa vazirlari tomonidan imzolangan edi. Hujjat harbiy yuklarni tashish va harbiy-transport samolyotlarining qo‘nishsiz parvozlarini amalga oshirish masalalarini tezkorlik bilan hal etishga imkon beradi.

Senator Valeriy Tyan o‘z nutqida ma’lum qilganidek, bitimning ratifikatsiya qilinishi harbiy-havo kemalarining tomonlar havo kengliklari orqali parvozlarini rejali tashkil etish va jarayonni soddalashtirish, tomonlar havo kengliklaridan foydalanishga ruxsat taqdim etish masalalarida tezkorlikni oshirish, tomonlar havo kengliklari orqali parvozlarni amalga oshirish jarayonida harbiy-havo kemalarining asoslarsiz qo‘nish holatlari vujudga kelgan taqdirda valyuta mablag‘larini tejash imkonini beradi.

«Rossiya Federatsiyasi havo qonunchiligida belgilangan alohida yuklar tranziti qoidalari bo‘yicha havo orqali tashishda Rossiya hududini aylanib o‘tish uchun sakkiz davlat havo kengliklarini kesib o‘tishga to‘g‘ri keladi… Rossiya Federatsiyasi orqali esa xuddi shu marshrut 900 km ga qisqaradi», — dedi u.

«Mazkur bitim birinchi navbatda O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga xizmat qilib, harbiy maqsadlardagi mahsulotlar va boshqa moddiy vositalarni zudlik bilan yetkazib berishni tashkil etish masalalarini hal etish tezkorligini oshiradi», — deya ta’kidladi Valeriy Tyan.