«Oskar» mukofotining 91-taqdirlash marosimida «Yashil kitob» kartinasi ikkita statuetkani — eng yaxshi film va original ssenariy yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘lga kiritdi. Filmda pianinochi Don Shirli rolini ijro etgan Mahershala Ali «Eng yaxshi ikkinchi darajali erkak roli» sovriniga sazovor bo‘ldi, deyiladi kinosovrin saytida.

Taqdirlash marosimi 24 fevral kuni Los-Anjelesda bo‘lib bo‘ldi. Nomzodlar esa 22 yanvar kuni e’lon qilingan edi.

Meksikalik Alfonso Kuaron «Oskar» tarixida bir filmdagi rejissyorlik va operatorlik ishi uchun sovrindor bo‘lgan ilk insonga aylandi. Uning «Roma» kartinasi esa «Chet tilidagi eng yaxshi film» nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.

Fantastik yo‘nalishdagi «Qora qoplon» uchta yo‘nalish: eng yaxshi kostyum dizayni, original saundtrek va postanovkachi rassmo ishi yo‘nalishlarida g‘olib bo‘ldi. Xonanda Ledi Gaga esa Bredli Kuperning «Yulduz tug‘ildi» filmidagi Shallow qo‘shig‘i uchun taqdirlandi.

«Bogemiya rapsodiyasi» kartinasidagi Freddi Merkyuri rolini ijro etgan Rami Malek eng yaxshi erkak aktyorga atalgan sovringa ega bo‘ldi. «Favorit» filmidagi ijrosi uchun Oliviya Kolman eng yaxshi aktrisa bo‘ldi.

Barcha g‘olib va sovrindorlar ro‘yxati kinosovrin saytida mavjud.

Amerika kinematografiya va san’at hamda ilmiy akademiyasining sovrini, 1940 yildan «Oskar» nomini olgan sovrin kinoni yaratishda hissa qo‘shgan shaxslarga topshiriladi. Taqdirlash marosimi har yili o‘nlab davlatga jonli tarzda uzatiladi.